Bosh sahifa » Allomalar » Ulamolarimiz. Saidqul Qizilbuloqiy (1894 – 1960)

Ulamolarimiz. Saidqul Qizilbuloqiy (1894 – 1960)

Olim va orif inson, shariat va tariqat ilmlari bilimdoni Saidqul Abdurahim o‘g‘li 1894 yili hozirgi Forish tumanining Qizilbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Abdurahim mingboshi boy, dinu diyonatli va ma’rifatli inson edi. Zehnu qobiliyatli besh-(olti) yashar o‘g‘lini boshlang‘ich savod chiqarishi uchun Mulla Jo‘liboy qo‘lida o‘qitdi. So‘ngra Saidqul bolatoshlik imom-xatib domla Omon Oxunddan ta’lim olib, 7–8 yoshlarida hofizi Qur’on bo‘ldi.

O‘sha paytlari Samarqandning Chelak qo‘rg‘onida yashagan o‘z davrining peshqadami mashhur Sherg‘ozi domladan ham ilm olgan Saidqul 15 yoshlarida Buxorodagi “Mir Arab” madrasasiga o‘qishga kirdi va allomai zamon domla Ikromcha nazariga tushib, u kishining yaqin shogirdlaridan biriga aylandi.

O‘n yillik tahsil davomida puxta ilm egalladi. Aynan shu davrlarda Buxoro madrasalarining peshqadam talabalari bo‘lgan  jo‘shlik Domla Kamoliddin Oxund (1865–1961), xatirchilik mulla Abdulqodir mudarris (1870–1932), Ismatulloh mudarris (1873–1936), mulla Xolboy (1893–1968), nurotalik Saidjon Eshon (1887–1949), qiziltepalik mulla Juma (1886–1966) kabilar o‘zaro ilmda izdosh bo‘lishdi. Ulardan domla Kamoliddin naqshbandiya tariqatining piri darajasiga yetdi, Mulla Xolboy “Tafsiri Ahmadiya” hoshiyasiga, Domla Saidqul hadislarga sharhlar yozdi. Mulla Juma esa uxroviy hikmatlar ijod qildi.

Talabalik yillarida Saidqul dom­laning otasi vafot etib, onasi yolg‘iz qoldi. Shu sababdan mudarrislik taklifini qabul etmay, qishlog‘iga, onasi yoniga qaytdi. Biroq shunda ham ilmu donishlik bilan ish ko‘rib, hazrat Uvays Qaraniydan ibrat olib, qishlog‘ida muallimlik bilan shug‘ullana boshladi.

1920 yillarga kelib sho‘rolar sharpasi milliy ma’rifat osmonini to‘sa boshladi. Dahriylik bo‘hronlari davlatmand mulla, mingboshining o‘g‘li, savodxon Saidqul domla va oilasi boshiga ko‘p jabru jafolar soldi. Bu ma’rifatli insonlarning odamlarning oqu qorani tanib olishlariga sababchi bo‘lishi, Islom ziyosini tarqatishidan sho‘ro malaylari cho‘chishar edi. Shuning uchun tinmay ta’qib etishardi.

Saidqul domlaning umri qochqinda o‘tdi. U qishloqdan bu qishloqqa, u qarindoshnikidan bu qarindoshnikiga berkinaverib, ko‘p azob tortdi. Ammo qismatidan nolimay, ilm olishda bardavom bo‘ldi. Munosib shogirdlar tayyorladi. 1936–1938 yillarda Qo‘shrabotning Qoraqasmoq qishlog‘ida, Abduzoyirning yerto‘lasida yashab, Nazrulloxon G‘aribiyga dars berdi va faxr bilan: “Men o‘ttiz yilda yiqqan ilmni shogirdim Nazrulloxon uch yilda to‘kis egalladi. Attang, zamoni bo‘lganida shogirdimdan ming-ming talaba navbatda turib, ilm olgan bo‘lar edi”, degan edi. Shogirdi Shayx Nazrulloxon G‘aribiy “Qasidai Omoliy sharhi va Tavhid manzumasi”ning muallifi bo‘ldi.

Kamoliddin bilan Said­qul domla o‘rtasidagi mehr-muhabbat ham juda ibratli. Kamoliddin Oxund tavakkul bilan himmat ko‘rsatib, “Xavf va rajo orasida bo‘lgan mo‘min umid qilganiga erishib, qo‘rqqanidan omonda bo‘ladi” (Imom Termiziy rivoyati), mazmunidagi hadisi sharifda aytilganiday, ta’qibdan o‘zi arang jon saqlab yurgan bir paytda qochqin Saidqul dom­la va ahliga 2–3 yil uyidan boshpana berib, sog‘-salomat kuzatdi.

Domladan qanday ilmiy meros qolgani noma’lum. Uning Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan amallarning maqbul yoki nomaqbulligi niyatlarga bog‘liq bo‘lishi haqidagi (Imom Buxoriy va Imom Muslim) hadisga 12 sahifali sharh yozgani aytiladi.

Bir umr ilm talabida, ta’qib-tazyiq ostida hayot kechirgan Saidqul domla umrining so‘nggi kunida ham sudga chaqirildi. 1960 yilning 3 aprelida kelgan chaqiruv qog‘ozini olgan dom­la “Endi men Oliy Hakam oldida javob beraman”, deya yaqinlariga dalda beradi,  vasiyat qilib, 4 aprel kuni vafot etadi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin…

Suyundik MUSTAFOYEV

Manba

O‘xshash maqola

Mutafakkirlar. Mahmud Zamaxshariy (1075–1144)

Post Views: 1 454 Ko‘hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan