Bosh sahifa » Ta'lim muassasalari » Turkiston xalq universiteti

Turkiston xalq universiteti

TURKISTON XALQ UNIVERSITETI – Markaziy Osiyoda rus oliy ta’limiga asos bo‘lgan ilk o‘quv maskani. Turkiston XKSning 1918 yil 16 martdagi qarori bilan shu yil 21 aprelda Toshkentning Yangi shahar qismidagi Ozodlik uyi (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi bolalar kutubxonasi)da ochilgan.

Universitetning tashkil topishida «Oliy ta’lim tarafdorlari jamiyati» (1918 yil fevral)ga uyushgan A.V.Popov (1918 yil aprel – dekabrda universitet rektori), G.N.Cherdansev (1918 yil dekabr – 1920 yil dekabrda universitet rektori), professorlar V.I.Romanovskiy, A.A.Semyonov, R.R.Shreder va boshqalarning xizmati katta bo‘ldi. Turkiston xalq universiteti quyidagi tashkiliy tuzilishga ega bo‘lgan: 1-yuqori bosqich – oliy kurs [ijtimoiy-iqtisod, fizika-matematika, adabiyot-falsafa (keyinroq tarix-filologiya), texnika fakultet­lari]; 2-o‘rta bosqich – amaliy kurslar (elektromontyorlar, avtomobil ishi, temir yo‘lchilar, chizmachilik, o‘rmon texniklari, yer-suv qo‘mitasi, bolalar bog‘chasi yo‘riqchilari, chet tillari, bichish-tikish, poyabzal ishi, suzishni o‘rganish); 3-quyi bosqich – ta’lim-tarbiya berish kurslari (11 boshlang‘ich maktab, 8 bolalar bog‘chasi). Shuningdek, tarkibida Munavvarqori Abdurashidxonov tashabbusi bilan 1918 yil 12 mayda tashkil etilgan Musulmon xalq dorilfununi hamda Turkiston xalq kutubxonasi (hozirgi O‘zbekiston milliy kutubxonasi), Turkiston xalq muzeyi (hozirgi O‘zbekiston san’at muzeyi), Turkiston xalq konservatoriyasi, Sharq instituti kabi mustaqil tashkilotlar bo‘lgan. Samarqand, Far­g‘ona, Andijon, Ashxobod va boshqa shaharlarda universitet shu’ba (filial)lari ochilgan. 1918 yil kuzda Musulmon xalq dorulfununi 2-darajali tashkilot sifatida tugatilgan. 1918/19 o‘quv yili universitetning 5 fakultetida 60 professor-o‘qituvchi ishlagan, 500 ga yaqin talaba ta’lim olgan. Bularning hammasi ruslar yoki rus tilida so‘zlashuvchi boshqa millat vakillari edi. Mahalliy musulmon millat vakillari rus tilini bilmaganligi sababli bu universitetdan bahramand bo‘la olmadilar. Sovet hukumati ularning manfaati va xohish-istagini e’tiborga olmadi.

Turkiston xalq universitetini to‘la ma’nodagi oliy o‘quv yurti deb bo‘lmasdi. 1919 yil dekabrda u haqiqiy davlat universiteti maqomini oldi va Turkiston davlat universiteti deb nomlandi. Turkiston xalq universitetida 1918 yil 20 apreldan rus tilida «Xalq universiteti» («Narodnыy universitet») gazetasi va maxsus ilmiy ommaviy to‘plam nashr etildi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Toshkent islom institutining tashkil etilishi

Mamlakatimizdagi diniy bilim yurtlari – madrasalar qadim tarixga ega bo‘lib, ularning dovrug‘i butun musulmon olamiga …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan