Bosh sahifa » Tarix » Turkiston Muxtoriyati
Туркистон мухторияти байроғи
Туркистон мухторияти байроғи

Turkiston Muxtoriyati

Turkiston muxtoriyati bayrog‘i
Turkiston Muxtoriyati bayrog‘i

1917 yil oktyabr-noyabr oylarida Toshkent va Qo‘qonda yuz bergan voqyealar Turkistonda ijtimoiy-ciyosiy harakatlarning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Qo‘qon shahrida 1917 yil 26-28 noyabr kunlari Turkiston  o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Demokratik musulmon ziyolilar talabi bilan Turkiston aholisining yevropalik qismi vakillari ham qurultoyda teng huquqli bo‘lib ishtirok etdilar. Qurultoyning 27 noyabr kuni qabul qilingan qarorida shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi”.

28 noyabrda tashkil topayotgan davlatning nomi aniqlanib “Turkiston Muxtoriyati” deb ataladigan bo‘ldi. Butunrossiya Ta’sis s’yezdi chaqirilgunga qadar hokimiyat to‘la ravishda Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Milliy) Majlisi qo‘lida bo‘lishi haqida qaror qabul qilindi. Muvaqqat kengash a’zolaridan 12 kishilik hukumat tuziladigan bo‘ldi. Qurultoy jarayonida Turkiston Milliy Majlisi 32 kishidan iborat qilib saylandi. Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati tarkibiga  muxtoriyatchilik harakatining faol ishtirokchilari, jumladan, quyidagilar xukumat a’zolari bo‘ldilar:

  1. Muhammadjon Tinishboyev – Bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2-chaqiriq Davlat Dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a’zosi, temir yo‘l muhandisi.
  2. Islom Sulton Shoahmedov (Shagiaxmedov) – Bosh vazir o‘rinbosari, Butunrossiya Musulmonlari Kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos.
  3. Mustafo CHo‘qay – tashqi ishlar vaziri, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a’zosi, Turkiston o‘lka Musulmonlar SHo‘rosining raisi, huquqshunos.
  4. Ubaydulla Xo‘jayev (Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev) – harbiy vazir, Butunrossiya Musulmonlar kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos.
  5. Hidoyatbek Yurg‘uli (Yurali) Agayev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
  6. Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo‘qon shahri dumasining rais o‘rinbosari, jamoat arbobi
  7. Abdurahmon O‘rozayev – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, huquqshunos.
  8. Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos.

Muvaqqat hukumat tarkibiga kirishi lozim bo‘lgan qolgan 4 o‘rin yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi uchun ularga ajratildi.

Qurultoy tugagach, 1 dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati a’zolari (barcha 8 kishi) imzolagan maxsus Murojaatnoma e’lon qilindi. Ushbu Murojaatnomada Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar, ular yakdillik va hamjihatlikka da’vat etilgan edi. Shuningdek, Turkiston Muxtoriyati hukumatining Milliy davlatchilikning qaror topishini jo‘shqin muborakbod etib, matbuotda taniqli ma’rifatparvarlar, diniy, jamoat va siyosat arboblari birin-ketin chiqishlar qilib, Muxtoriyatni tabrikladilar. O‘sha paytda chop etiladigan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi sahifalari Qo‘qon, Samarqand, Toshkent, Kaspiyorti viloyatidan Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlovchi xabarlar bilan to‘lib toshgan edi.

Yangi hukumat faoliyati faqat Qo‘qonda yoki Farg‘ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yer aholisi tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanganligi bois, Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq orasida katta e’tibor qozondi. Shuning uchun ham  ma’rifatparvar Fitrat Muxtoriyat e’lon qilingan tunni “Milliy laylatulqadrimiz” deb atadi.

Xalq ommasining qizg‘in qo‘llab-quvvatlashidan ilhomlangan Muxtor hukumat vakillari jadal faoliyat boshladilar. Dastlabki kunlardan boshlab Millat majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar e’lon qilinib, yangi hukumat davlat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb etdi. Bir nechta hukumat gazetalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr etila boshlandi. Shuningdek, hukumat milliy qo‘shinni tashkil qilishga alohida e’tibor qaratdi. Harbiy vazir Ubaydulla Xo‘jayev ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-parad vaqtida askarlar soni 2000 nafarga yetgan. Bundan tashqari Qo‘qonda Ergash qo‘rboshi rahbarlik qilgan ikki mingga yaqin mirshablar ham bor edi.

Yangi hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga quydi. Chunki gazetalarni nashr qilish, muxtoriyat qo‘shinlarining ta’minoti hamda hukumatning ichki harajatlari uchun mablag‘ zarur edi. Shuningdek, yangi hukumat a’zolari ochlik girdobida qolgan Turkiston aholisiga Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi.

Ammo, umumxalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan ma’qullanmadi. 1917 yil 13 dekabrda  Toshkentning eski shahar aholisi “ Muxtor Turkiston uchun” shiori ostida tinch namoyish o‘tkazdilar. Toshkent shahar sovetidagi bolsheviklar esa, shaharda qurolli kuch bilan tartib o‘rnatishga buyruq berdilar. Natijada tinch namoyish qatnashchilari o‘qqa tutilib, 16 kishi halok bo‘ldi.

Shunga qaramasdan, Muxtoriyat hukumatini qo‘llab-quvvatlash davom etaverdi. Xususan, 1917 yil 26-30 dekabr kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari I favqulodda qurultoyining ham asosiy masalasi Turkiston muxtoriyatiga munosabat masalasi edi. Butun Turkiston o‘lkasidan 200 yaqin vakillar qatnashgan ushbu qurultoy 30 dekabrda Turkiston muxtoriyati hukumatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Turkiston o‘lkasi Xalq komissarlari Sovetiga ishonchsizlik bildirish haqida qabul qilgan deklaratsiyasida quyidagi fikrlar bor edi: “Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti barcha aholi ayniqsa, musulmonlar hohish-istaklarining ifodachisi emasligi; Turkiston o‘lkasi xalqlari irodasi ikki qurultoyda muxtoriyat e’lon qilinganida ifodalanganligi; Turkistonda yagona hukumat organi butun musulmonlarning qurultoyida tashkil topgan va musulmon ishchi, askar va dehqonlarning qurultoyida to‘ldirilgan Turkiston Muxtoriyati hukumati ekanligini e’tiborga olib, Musulmon ishchi, dehqon va askarlar qurultoyi Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni darhol Turkiston Muxtoriyati hukumati va Millat Majlisiga topshirilsin deb istak bildiradi”.

Ta’kidlash lozimki, yangi davlatchilik barcha milliy guruhlarning mutanosibligi prinsiplari, umumdemokratik va milliy qadriyatlarning o‘zaro uyg‘unligi asosida barpo etilgan edi. YUqorida qayd etilganidek, Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati aholini oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlash, o‘z moliyaviy jamg‘armasini yaratish, turli-tuman siyosiy partiyalar va harakatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifalarini hal qilish yuzasidan qizg‘in harakatlarni amalga oshira boshlagan edi. Sovet hokimiyatidan farqli o‘laroq, Turkiston Muxtoriyati hukumati qonuniy asosda tashkil etilgan edi. Turkiston Muxtoriyati hukumati keng musulmonlar ommasi va demokratik kayfiyatdagi yevropalik aholining vakolatini olgan edi. Shuning uchun ham aytish mumkinki, Turkiston Muxtoriyati o‘z taqdirini o‘zi belgilagan xalq respublikasi edi.

Ammo, o‘lka bolsheviklari Turkiston Muxtoriyati hukumatiga katta xavf deb qaradilar. 1918 yil 19-26 yanvar kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlarining favqulodda IV s’yezdida Muxtoriyatga butunlay salbiy munosabat bildirildi. Ushbu s’yezd Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. S’yezd bolsheviklar fraksiyasining Turkiston Muxtoriyati to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu rezolyutsiyada Turkiston qonuniy hukumati munofiqlarcha “qoraguruhchilar to‘dasi” deb ataldi. Bu ham yetmagandek, bu s’yezd bolsheviklarning tazyiqi ostida qonuniy kuchga ega bo‘lgan, tub yerli aholi manfaatlarining himoyachisi bo‘lib maydonga chiqqan o‘lkadagi ilk demokratik va xalqchil hukumat- Turkiston Muxtoriyati ustidan shafqatsiz hukm chiqardi.

1918 yil 30 yanvarda Turkiston XKS Muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlar boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning “Dashnoqtsutyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan beshafqat qurolli drujinalaridan ham keng foydalandilar.

31 yanvar kunning ikkinchi yarmida boshlangan janglar bir necha kun davom etdi. Qon to‘qilishini oldini olish maqsadida muzokaralar olib borish harakatlari natija bermadi. 1918 yil 19 fevralda Qo‘qon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklaring qonli hujumlari natijasida ag‘darib tashlandi. Hukumat boshlig‘i Mustafo CHo‘qay shaharni tark etib, yashirinishga majbur bo‘ldi. Vazirlarning ayrimlari halok bo‘ldi, ayrimlari qo‘lga olindi. Dahshatli janglar va talon-tarojlar natijasida 10000 qo‘qonlik o‘ldirildi.

Turkiston Muxtoriyati hukumatining ag‘darilishi turkistonliklar tomonidan Rossiyaning Turkistonga nisbatan tajovuzkorona rejalari mavjudligining yangi dalili sifatida qabul qilindi va ular qo‘llariga qurol olib o‘z Vatanlarini bosqinchilardan himoya qilishga otlandilar. Bu bilan Turkistonda sovetlarga qarshi istiqlolchilik harakatiga asos solindi.

Bohodir Eshov, «O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi», Toshkent-2012

O‘xshash maqola

Туркестан в 1917-1922 годах: борьба за власть на окраине России. Адиб Халид

Post Views: 10 Падение российского самодержавия предопределило кардинальные преобразования социально-политической и экономической жизни Туркестанского края, …

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan