Bosh sahifa » Toshkent-2200 » Toshkent-2200. Toshkentning O‘rta Osiyoda kechgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarda tutgan o‘rni (XVI-XIX asrning birinchi yarmi)

Toshkent-2200. Toshkentning O‘rta Osiyoda kechgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarda tutgan o‘rni (XVI-XIX asrning birinchi yarmi)

XVI asrdan boshlab Toshkent turli siyosiy voqyeliklar tizimiga tortilib, dastlab Shayboniylar, so‘ngra Ashtarxoniylar davlatining chekka o‘lkasi hisoblangan bu hududda o‘ziga xos siyosiy jarayonlar kechgan. XVIII asrning birinchi yarmida Buxoro xonligida yuzaga kelgan siyosiy hayot inqirozi uning turli viloyatlari taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan. Shunday hududlardan biri hisoblangan Toshkentda shu asrning boshlarida mahalliy xo‘jalarning mavqyei ortib borgan. Natijada shaharda to‘rt daha xo‘jalari tomonidan idora etilgan boshqaruv tizimi shakllangan. Bu tizim 1784 yilda Toshkentda “shahar-respublika”ga o‘sib o‘tgan. XIX asrning birinchi o‘n yilligida shahar va uning hududi Qo‘qon xonligi, 1865 yilda esa Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olingan.

XVI–XIX asrning birinchi yarmida Toshkentning O‘rta Osiyodagi yirik iqtisodiy markazlaridan biri sifatidagi ahamiyati ortib bordi. Bunga shaharda mavjud bo‘lgan ko‘p tarmoqli hunarmandchilik, savdo asos bo‘ldi. Bu yerda hunarmandchilikning turli sohalari – to‘qimachilik, kiyim-bosh ishlab chiqarish, charmgarlik va oyoq kiyimlar tayyorlash, po‘stindo‘zlik, kulolchilik, metallga ishlov berish va metall buyumlar ishlab chiqarish, zargarlik, kulolchilik, duradgorlik, uy-ro‘zg‘or buyumlarini tayyorlash va boshqalar keng rivojlangan edi.

Asosan mahalliy aholining ichki ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan turli mahsulotlar tovar xarakteriga ega bo‘lgan. Bunda Toshkentning turli karvon yo‘llarida joylashganligi muhim rol o‘ynagan. Toshkent hududidan Sibir, Xitoy, Qozoq dashtiga olib boruvchi yo‘llarning o‘tganligi uning iqtisodi rivojlanishiga, bu yerda aynan xorijiy iste’molchilarning ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan hunar turlarining taraqqiyotiga turtki bo‘lgan. Buni ayrim hunarmandchilik sohalari misolida kuzatish mumkin. Xususan, bir xil rangdagi bo‘z (karbas)ga qolip yordamida turli ranglardagi gullarni bosish orqali hosil qilingan mato – chit bunga misol bo‘la oladi. Chit ishlab chiqarish ancha murakkab ish jarayoni bo‘lib, u hunarmanddan katta mahoratni talab etgan[1]. XIX asrda Toshkent bo‘zga gul bosishning yirik markazlaridan biriga aylangan edi. Qo‘qon xonligi shaharlari va Qashg‘ardan Toshkentga juda katta hajmda oq bo‘z keltirilib, chitgarlarga topshirilar edi.

Turli matolar va boshqa mahsulotlarga rang berishda turli mahalliy bo‘yoqlar – ko‘k, safsar, mosh va qizil ranglar bilan birga Hindistondan keltirilgan nil (indigo) bo‘yog‘idan keng foydalanilgan. Mato va boshqa mahsulotlarni qora yoki to‘q ko‘k rangga bo‘yashda foydalanilgan bu bo‘yoqning O‘rta Osiyo shaharlariga keltirilishi ayniqsa XVIII asrning ikkinchi – XIX asrning birinchi yarmida juda kengaydi. Qarshi, Shahrisabz, Buxoro, Xiva kabi shaharlar bilan bir qatorda Toshkent karvonsaroylari ham bu mol bilan to‘la edi.

Shaharda rivojlangan hunarmandchilik sohalaridan biri metallga ishlov berish bo‘lib, bu hunar turi bilan mashg‘ul hunarmandlar tomonidan yaratilgan mahsulotlarga nafaqat ushbu markaz, balki uzoq va yaqin hududlar aholisi orasida ham talab katta edi. Bunday hunar turlaridan biri zargarlik edi. Toshkentlik zargarlar turli metall va qimmatbaho toshlardan xilma-xil Toshkent zirak, sochpopuklar, bargak, tillaqosh, tumor, burunbuloq, bilaguzuklar, hatto kumushdan paranji tugmasini ham yasaganlar[2]. Ular aholining kam ta’minlangan qatlamlari va qo‘shni dasht ayollari uchun arzonroq metallar – kumush va misdan zebi ziynat buyumlari – zirak, bilaguzuk, to‘g‘nog‘ichlar ham yasaganlar.

Toshkentlik zargarlar tomonidan yasalgan mahsulotlarga talab katta bo‘lib, ular Markaziy Osiyoning turli hududlariga olib ketilgan.

Shaharda taraqqiy etgan hunar turlaridan yana biri – ko‘nchilik bo‘lib, hunarmandlar shahar hamda qo‘shni dasht ahli tomonidan yetishtirilgan chorva mollari – “ot, qo‘y, ho‘kiz, tuya” terilariga ishlov berganlar va turli charm navlari – poyafzalning tagcharmi, qora echki charmi – qayroqi, oq zamsha, sag‘ri teri ishlab chiqarganlar. Bu mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab katta edi. Xususan, Toshkent kavushdo‘zlari tomonidan yaratilgan sag‘ri teridan tikilgan kavushlar juda mashhur bo‘lgan. XX asr boshlarida oldingi davrlardagi kabi shaharda “oliftalar ham, kam ta’minlangan odamlar ham o‘zlariga tiniq barg rang sag‘ridan mahalliy hunarmandlar tikadigan kavushlarga buyurtma berganlar. Bu sag‘richilarning oltin asri edi”[3], – deb qayd etiladi.

Savdogarlar Toshkent orqali turli yo‘nalishlarda Qozoq dashti, Sibir, Rossiyaning turli yirik savdo-iqtisodiy markazlari, Xitoy va ular orqali boshqa o‘lkalarga yetib olishlari mumkin edi. Bu o‘lkalarning savdogarlari esa o‘z navbatida Toshkent orqali Qo‘qon, Buxoro, Xiva xonliklari shaharlariga borishlari mumkin edi. V.V. Velyaminov-Zernov: “Qo‘qon Toshkent bilan hech ham raqobatlasha olmaydi. Buning sababi oddiy. Xonlik poytaxtida emas, Toshkentda muhim savdo yo‘llari tutashib ketgan edi”[4], – deb yozganida haq edi.

1741 yili Toshkentga kelgan savdogarlar Sh. Arslonov va M. Yusupov Toshkent qalmiq (juda ko‘p chorva – qo‘y, sigir va otlarni olib keladigan) va qashg‘arlik savdogarlar kelib to‘xtaydigan markaz ekanligi, ulardan tashqari Toshkentda Buxoro, Xo‘jand va O‘rta Osiyoning boshqa shaharlaridan kelgan savdo ahlini ko‘plab uchratish mumkinligini qayd etgan edilar[5].

Toshkentlik savdogarlar ham Jung‘oriya, Sharqiy Turkiston, Xitoy hududlariga o‘z savdo karvonlari bilan borganlar. Chunonchi, XVIII asr o‘rtalarida ularning meva, oltin, rus buyumlari va boshqa mollar bilan yuklangan karvonlari G‘ulja va Chuguchak shahri bozorlariga borgan. Shuningdek, ular tomonidan Sharqiy Turkistonning Qashg‘ar va Yorkend shaharlariga rus temiri, doka, shoyi gazlama, oltin, gilam va ro‘yan olib borilgan. Ular o‘zlari bilan birga Toshkentga olib kelgan mollarning asosiy qismini choy, novshadil, chinni idishlar tashkil etgan. Ular Xitoy va Sharqiy Turkistondan kumush yombu olib kelishga harakat qilganlar. 1760 yilning 10 oyida Oqsuv orqali Qumulga ketayotgan toshkentlik savdogarlar karvonini Xitoy nazoratchilari ushlab qolgan. Muzokaralardan so‘ng savdogarlar ularni Xitoy mollari va kumush yombular sotib olish uchun ruxsatnoma berishga ko‘ndirganlar. Tarixiy manbalar toshkentlik savdogarlarning, hatto, 1759 yilda Tibetga ham borganligini ko‘rsatadi[6].

Har yili Toshkent orqali Qashg‘ar va Xitoydan Rossiyaga turli mollar olib o‘tilgan va bu karvonlar rus va Yevropa mollarini olib Toshkent orqali yana Xitoyga qaytgan.

Qo‘qon xonligining butun tashqi savdosi Toshkentda markazlashgan edi. Bu yerga xonlikning boshqa shaharlaridan “paxta, ipak, mevalar, tuz, qurilish yog‘ochlari, bo‘z, kanaus, jun mahsulotlar, charm-teri, bo‘yoqlar va boshqa narsalar keltirilar edi”[7]. Jumladan, bu markazga Qo‘qon va Marg‘ilon hunarmandlari yetishtirgan va to‘qigan ipak gazlamalar keltirilar edi. Qo‘qonga esa Toshkentdan rus manufaktura mollari, shakar, temir va boshqalar; Buxorodan esa choy, indigo, doka, Buxoro hunarmandlari to‘qigan ipak gazlamalar keltirilar edi[8].

Toshkentlik savdogarlar Buxoro xonligining Buxoro, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Ko‘lob va boshqa shaharlariga o‘z karvonlari bilan qatnar edilar. Bunda Toshkentdan Buxoroga Qo‘qon xonligining markaziy shaharlari – Marg‘ilon, Andijon, Namangan hamda Toshkentning o‘zida ishlab chiqarilgan bo‘z, xom ipak, ruslarning temir, cho‘yan va po‘latdan yasalgan buyumlari, tamaki, ipak, ba’zi xitoy va mahalliy ipak gazlamalar va Xitoy mollari – kumush yombilari, choy va chinni piyolalar olib borilgan. Bu mahsulotlar ichida Xitoy choyining turli navlari – tuqtachoy (g‘isht choy), oqquyruq (ko‘k choy) muhim o‘rin tutgan. XIX asrning 30-yillarida Buxoroda bo‘lgan I.V. Vitkevich shahardagi “Barra saroyi”da toshkentlik va qo‘qonlik savdogarlar to‘xtashi, ularni choy savdogarlari, deb atalishini qayd etgan edi. Toshkentdan keltirilgan bu mollar aksariyat holatlarda uzoq yurtlarga ham olib ketilgan. Xususan, Qashg‘ardan Toshkent orqali Buxoroga olib kelingan kumush yombular hind sarroflari orqali Kobulga jo‘natilgan[9]. Toshkentda yetishtirilgan “darmana urug‘i” esa Buxoro orqali Eron va Turkiyaga, u yerdan “nemis yerlari”ga olib ketilgan[10].

Buxorodan esa savdogarlar Toshkentga o‘simliklar bo‘yog‘i, qorako‘l teri, paxta va boshqa mollarni keltirganlar[11]. Savdogar Shubay Arslonovning ko‘rsatishicha, XVIII asrning 30-yillarida Buxorodan Toshkentga qorako‘l, qizil va qora baxmal, qimmatbaho shoyi gazlamalar, parcha, ro‘mollar keltirilgan[12].

Savdogarlar Toshkentdan Rossiyaga ham tez-tez qatnab turganlar. Shaharni Sibirdagi Omsk, Troitsk, Yamishevsk, Petropavlovsk kabi markazlar va Orenburg bilan bog‘lagan yo‘llar orqali faol savdo aloqalari olib borilgan. Bu yerlarda «Toshkent mollari» bilan keng savdoni amalga oshirganlar. Jumladan, 1746 yili Yamishevskga Toshkentdan 137 bo‘lak zandana, 18 bo‘lak bo‘z, 81 ta parda olib kelingan. Xuddi shu yili, arxiv ma’lumotlarida ko‘rsatilishicha, buxorolik savdogar Durgey Kokin tomonidan Sibirning yirik savdo-iqtisodiy markazi Tomskka 100 bo‘lak Toshkent ip gazlamasi keltirilgan[13].

Toshkent Qo‘qon xonligining turli shaharlarini boshqa hududlar, xorijiy davlatlar bilan bog‘lovchi markaz ham edi. Qo‘qon Toshkent orqali Buxoro, Xiva xonliklari, Rossiya, Eron va Hindistondan keltiriladigan mollarni olar edi. Jumladan, Toshkent orqali Buxorodan Qo‘qonga “Hindlarning baqqollik mollari, Kobul belbog‘lari va sallalari” keltirilgan.

Toshkentda ham, boshqa shaharlar misolida kuzatilgani kabi, siyosiy notinchlik yillarida karvon yo‘llaridagi tartibsizliklar avjiga chiqib, ishlab chiqarish va savdoning rivojlanishi orqaga ketardi. Masalan, «Moskva savdo kompaniyasi» vakili ingliz Antoniy Jenkinsonning yozishicha, uning O‘rta Osiyoga (1558-1560 yillarda) qilgan safariga qadar uch yildan beri Toshkent-Qashg‘ar savdo yo‘li vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi[14]. Bu holatdan ikki shahar – Toshkent va Qashg‘ar katta iqtisodiy talofat ko‘rgan edi.

Shaharning iqtisodiy aloqalari unda muayyan bozor infrastrukturasining rivojlanishiga olib kelgan. Jumladan, shaharda xorijiy savdogarlarning to‘xtashlari uchun karvonsaroylar mavjud edi. XIX asrning 60-yillarida shaharda ularning soni 17 ta atrofida bo‘lgan. Turli mamlakatlar savdogarlari muayyan karvonsaroylarda yashaganlar. Xorijiy savdogarlarning katta qismini tashkil qilgan hindlar Shirin Xoja Rais saroyida to‘xtaganlar. Shahar karvonsaroylaridan biri “YAhudiylar karvon-saroyi” nomi bilan ma’lum edi.

Toshkent yirik savdogarlar shahri edi. Ular shahar karvonsaroylarida xorijiy savdo ahli bilan bir qatorda o‘z mollarini saqlar va ular bilan ulgurji savdoni amalga oshirar edilar. Xususan, Isabek, Shohbek, Dasturxonchi, Abdurasul va Mulla Omonboy rais nomi bilan mashhur saroylarda ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik boy savdogarlar o‘z mollarini saqlaganlar[15].

Aksariyat holatlarda karvonsaroylar ma’lum xil mahsulot yoki xom ashyo turini saqlash uchun ham omborxona vazifasini o‘tagan. Jumladan, Toshkentning “Mayiz saroyi” faqatgina quruq mevalarni saqlashga va ular bilan ulgurji savdoni amalga oshirishga mo‘ljallangan bo‘lib, unda savdogarlarning yashashi uchun sharoit yo‘q edi[16].

Karvonsaroylarning yana shunday bir turi ham mavjud bo‘lib, ular odatda boshqa saroylardan hajm jihatidan kichikligi bilan ajralib turar va ularda asosan kambag‘al yo‘lovchilar, yuksiz savdogarlar, o‘z tuyalarida savdogarlarning yukini tashib beruvchilar to‘xtar edilar. Bunday saroylar asosan Toshkentda mavjud bo‘lib, ularda ko‘pincha o‘z tuyalarini cho‘lda saqlagan Rossiyaga yuk tashuvchilar to‘xtar edilar[17].

Toshkentning O‘rta Osiyodagi savdo-iqtisodiy aloqalarida bozorlar muhim o‘rin tutgan. Ularda turli mamlakatlar savdo ahli o‘zaro muloqotga kirishgan. Shahar bozorlari boshqa O‘rta Osiyo shaharlarida kuzatilgani kabi biror turdagi mahsulotni sotishga ixtisoslashgan edi. 1735 yilga oid Nur Muhammad Alimov ko‘rsatmasidan ayon bo‘ladiki, Toshkentda “…har bozorda bir xildagi mol” sotilgan bo‘lib, “unda boshqa narsa yo‘q… paxta, ipak, … etik… ipak parchalar turli bozorlarda”[18] sotilgan. Bu o‘rinda qayd etib o‘tish joizki, bozorlarning bunday ixtisoslashuvi sotiladigan mollar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, ularning sifati yaxshilanishi va narxining pasayishiga olib kelgan. XIX asrga oid aniq ma’lumotlarga ko‘ra, shahar markazida joylashgan bosh bozor “uzunligiga 400 sarjin, eniga 100 sarjin” bo‘lib, 2400 do‘konga ega edi. Ularda turli-tuman mahsulotlar bilan savdo qilinib, bu mahsulot turi ushbu bozorning nomini belgilagan edi. Bular – baqqol bozori, arpa bozor, un bozor, go‘sht bozor, nonvoy bozor, kafsh bozor, yog‘och bozor, ko‘rpa-gilam bozori, temir bozori, mis bozori, sham bozori, choypurush-attor bozori, chit bozori, adras bozori, pichoq bozori, paxta bozori, tamaki bozori, tovoq bozori, zargarlik bozori, sag‘ri bozori va h.k. Shaharning tashqi iqtisodiy aloqalari bozorlar nomlanishida ham o‘z aksini topgan. Mahalliy aholining dasht ahli bilan munosabatlari natijasida qozoqpurush bozor, ko‘n bozor, qo‘y bozor va boshqalar vujudga kelgan edi. Ularda shaharlik va qo‘shni dashtlik savdogarlar o‘zaro savdo-sotiqni amalga oshirganlar.

Shaharda asosan kunduzi, ba’zan tunda ham savdo qilingan. Bunday savdo asosan ba’zi bayramlar, hayit kunlari va ro‘za paytida amalga oshirilgan. “Tarixi jadidayi Toshkent” asarining muallifi Muhammad Solih XIX asrda Toshkent haqida yozar ekan, “Bozorning do‘kon rastalari Chorsudagi qandolatpazlik do‘konigacha davom etadi. Ramazon oyida, bu yerda kechasi ham bozor bo‘ladi, xalq savdo-sotiq, har xil o‘yin-kulgu qiladi”, deb qayd etadi[19].

Tashqi va tranzit savdo shaharda xorijlik savdogarlardan boj undirish borasida muayyan tartibning shakllanishiga olib kelgan. Xususan, shaharga yaqinlashgan karvon ma’lum belgilangan yerda to‘xtab, o‘zi haqida xabar berishi lozim edi. Masalan, Toshkentga Qo‘qon va Buxoro shaharlaridan keladigan karvonlar, XIX asr muallifi A.K. Geynsning ko‘rsatishicha, Qoplonbek, Chinoz va Chirchiq yonida yashagan zakotchilar tomonidan tekshirilgan va karvon haqida shaharga xabar yetkazilgan[20].

Bu shaharga xos asosiy xususiyatlardan biri shu ediki, shahar ahlining ko‘pchilik qismi shahar atrofidagi yerlarda dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish imkonini beradigan yer uchastkalariga ega edi. Bunday yer uchastkalari joylashgan hududlar, odatda, “mavzelar” deb atalar edi. Bunday yerlar yozda gavjum bo‘lib, aholi shaharlardan ko‘chib chiqib bu yerlarda yashar edi. Bunday mavzelarning katta ro‘yxatini keltirgan N.G. Mallitskiy ular jumlasida Oqqo‘rg‘on, Darxonariq, Yalong‘och, Ayrilish, Oqtepa, Yunusobod, Qorasaroy, O‘nqo‘rg‘on, Achavot, Beshqayrag‘och, Qorasuv, Qurbaqaobod va boshqalarning nomlarini keltiradi. Shu muallifning ko‘rsatishicha, shaharning Shayhontahur qismiga 31 ta, Sebzor qismiga 65 ta, Ko‘kcha qismiga 45 ta, Beshyog‘och qismiga esa 36 ta mavze qaragan[21].

Toshkent aholisi tomonidan shahar va uning atrofidagi yerlarda yetishtirilgan dehqonchilik, bog‘dorchilik mahsulotlari va ayrim chorva mollari ko‘p hollarda tovar xarakteriga ega bo‘lgan. Bu mahsulotlar shahar aholisining ichki ehtiyojlarini qondirish bilan birga, uzoq va yaqin hududlarga, xususan, qo‘shni dashtga ham olib borilgan. Shuningdek, bu mahsulotlar mahalliy hunarmandlar tomonidan yaratiladigan turli buyumlar uchun asosiy xomashyo vazifasini o‘tagan. Shaharning bu xususiyati uning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy mavqyeini o‘sishiga xizmat qilgan.

Shunday qilib, XVI-XIX asrning birinchi yarmida Toshkent O‘rta Osiyoda kechgan murakkab siyosiy jarayonlarda muhim o‘rin tutgan, turli hunarmandchilik sohalari, ichki, tashqi va tranzit savdo rivojlangan, o‘ziga xos savdo madaniyatiga ega yirik markazlardan biri edi. Turli karvon yo‘llari tutashib ketgan hududda joylashgan bu shahar Markaziy Osiyoda kechgan siyosiy, iqtisodiy jarayonlarda muhim o‘rin egallab, turli xalqlarning iqtisodiy integratsiyasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan va o‘zi ham rivojlanib borgan.

G. A. Agzamova

Место Ташкента в политических и экономических процессах Средней Азии (XVI — первая половина XIX в.)

Доклад посвящен раскрытию роли города Ташкента в политических и экономических процессах, происходивших на протяжении XVI – первой половины XIX в. На основе разнохарактерных источников показывается статус этого центра в государстве Шайбанидов, Аштарханидов и процесс образования в Ташкенте своеобразной формы управления, которая в последней четверти XVIII столетия переросла в «город-республику». Анализируется экономический потенциал города. В частности, детально рассмотрены вопросы, связанные с состоянием различных ремесел, показаны особенности этой части экономической жизни города. Анализируются проблемы городской торговли, сельского хозяйства и т.д., выявлены общее и особенное с точки зрения градостроительной культуры и городской жизни Средней Азии.

G.A. Agzamova

The place of Tashkent in political and economic processes of Central Asia (the 16th – first half of the 19th century)

The report is devoted to disclosing of the role of Tashkent in political and economic processes occurring throughout the 16th – first half of the 19th century. On the basis of various sources the status of this centre in the Shajbanid’s and Ashtarhanid’s states and formation process in Tashkent of an original form of government which in last quarter of 17th century has outgrown in «city-republic» is shown. The economic potential of the city is analyzed. In particular, questions connected with a condition of various crafts are considered in details; features of this part of an economic life of the city are shown. And also problems of city trade, agriculture are involved in the detailed analysis, and are revealed the general and especial from the point of view of townplanning culture and a city life of Central Asia.

[1] Мукминова Р.Г. Очерки по истории ремесла Самарканда и Бухары в XVI в. Ташкент: Фан, 1976. С. 66-67

[2] Гейер И., Назаров И. Кустарные промыслы в Ташкенте. Тетрадь 1. Ташкент: Изд. В.М. Ильина, 1903. С. 9-16

[3] Ўша асар. 16-бет

[4] Вельяминов-Зернов В.В. Сведения о Кокандском ханстве // Вестник Географического общества. СПб., 1856. Т. 18. С. 129

[5] Ходжиев Э.Х. Экономические и политические связи Ташкента с Россией. Ташкент, 1982. С. 16-17

[6] Saguchi Toro. The Eastern trade of Khokand khanate. Tokyо. 1963. Р. 80

[7] Кун А. Некоторые сведения о Ферганской долине // Туркестанский сборник. Т. III. СПб., 1876. С. 442

[8] Хорошхин А. Очерки Коканда // Сборник статей, касающихся до Туркестанского края А. Хорошхина. СПб., 1876. С. 43

[9] Записки о Бухарском ханстве (Отчеты П.И. Демезона и И.В. Виткевича). М.: Наука, 1983. С. 108

[10] Извлечения из «Лексикона Российского, исторического, географического, политического и гражданского» В.Н. Татищева (30-40-е годы XVIII в.) // История Узбекистана в источниках. Ташкент, 1988. Книга II. С.96

[11] Вельяминов–Зернов В.В. Сведения о Кокандском ханстве… С. 131

[12] Ташкент в описании Шубая Арсланова // История Узбекистана в источниках. Ташкент, 1988. Кн. II. С.108

[13] Ходжиев Э.Х. Экономические и политические связи Ташкента с Россией… С.10

[14] Дженкинсон А. Путешествие в Среднюю Азию 1558-1560 гг. // Английские путешественники в Московском государстве в XVI в./Пер. с англ. Ю.В. Готье. М., 1938. С. 184-185

[15] Тетевревников А.Н. Очерки внутренней торговли киргизской степи. СПб., 1867. С. 311

[16] Ўша асар. 312-бет

[17] Тетевревников А.Н. Очерки внутренней торговли киргизской степи… С. 311

[18] Рассказ сарта Нур-Мухамета, записанный в марте 1735 года в оренбургской экспедиции, о киргизских ханах, городах Ташкент, Туркестан и разных других предметах // Материалы по истории России. Оренбург, 1900. С. 85

[19] Қаранг: Ўринбоев А., Бўриев О. Тошкент Муҳаммад Солиҳ тавсифида. Тошкент, 1983. 40-бет; Муҳаммаджонов А. Қадимги Тошкент. Тарихий ва археологик лавҳалар. Тошкент, 1988. 59-бет

[20] Гейнс А.К. Управление Ташкентом при Кокандском владычестве // Гейнс А.К. Собрание литературных трудов. СПб., 1898. Т.II. С. 488

[21] Маллицкий Н.Г. Ташкентские махалля и маузе // В.В. Бартольду – туркестанские друзья, ученики и почитатели. Ташкент, 1926. С. 114-121 S. 114-121

O‘xshash maqola

XIX asr birinchi yarmida Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimi

XVIII asrning ikkinchi yarmida Yunusxo‘ja (1784-1803) tomonidan Toshkentda to‘rt hokimlik tugatilib, kuchli ichki va tashqi …

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan