Bosh sahifa » Toshkent tarixi » Shohruxiya

Shohruxiya

SHOHRUXIYA, Sharqiya – o‘rta asr shahar xarobasi (14–19-asrlar). Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Shohruxiyani havaskor arxeolog D.K.Zatsepin (1876), Ye.T.Smirnov (1894, 1896) o‘rgangan. 1973 yildan Shosh–Iloq ekspeditsiyasi (Yu.F. Buryakov) tekshiradi. Shohruxiya qadimiy Banokat o‘rnida vujudga kelgan. Banokat mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron bo‘lgan (1220). 1392 yilda Amir Temur uni harbiy qal’a sifatida qayta tiklab, o‘g‘li Shohrux sharafiga «Shohruxiya» deb atagan. Shohruxiyaning hududi 140 gektardan ziyod bo‘lib, ark, 3 shahriston va raboddan iborat bo‘lgan. Shahriston va rabodning bir qismi qalin mudofaa devori bilan o‘ralgan, unda 30 dan ortiq burj bo‘lgan. Shohruxiya temuriylar saltanati siyosiy hayotida muhim rol o‘ynagan. Chunonchi Amir Temur Xitoyga yurishga otlanganda qo‘shinning asosiy qismi Shohruxiyada to‘plangan. Sohibqiron vafotidan keyin ham temuriylarning Oltin O‘rda bilan kurashida muhim strategik maskan vazifasini o‘tagan. 15-asr oxiri – 16-asr boshlarida Shohruxiya Sharqiy Movarounnahrning yirik harbiy markazlaridan hisoblangan. 1502 yil Shayboniylar tomonidan egallangan va ularning Toshkent mulki tarkibiga kiritilgan. Shohruxiyada, odatda, valiahd shahzoda noib bo‘lgan, chunonchi Suyunchxo‘jaxon vafotidan so‘ng taxtga o‘g‘li, Shohruxiya hokimi Keldi Muhammad o‘tirgan.

[nggallery id=8]

Shohruxiyaning iqtisodiy, harbiy-ma’muriy mavqyei 17-asr oxirigacha baland bo‘lgan, so‘ng 18-asrdagi o‘zaro ichki urushlar natijasida tanazzulga uchragan. Lekin 1812–13 yillarda hind sayyohi Mir Izzatulloh Sirdaryo bo‘yidagi shaharlar qatorida Shohruxiyani tilga olib o‘tgan. Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, 1863–64 yillarda Sirdaryoning toshishi natijasida «suv moziy podsholarning saroyi va o‘tmish xoqoniy kutubxonaga yetib, o‘rnidan ko‘tarib ketgan; Sir daryosiga qulab tushib, taxminan ming jild kitob suvga cho‘kib ketgan».
Shohruxiyadagi kulolchilik xumdonlari, turar joy qoldiqlari, 2 qavatli burjlar ochib o‘rganilgan. Topilmalar orasida po‘lat sovut, dubulg‘a, shaxmat donalari, sirlangan turli sopol idishlar temuriylar madaniyati, san’atini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

 

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

(rasmlar fergananews.com, sambuh.ru saytlaridan olindi)

O‘xshash maqola

Professorlar shaharchasi

Post Views: 80 PROFESSORLAR SHAHARCHASI – Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumanidagi turar joy massivi. Qamarniso, Mirzo …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan