Bosh sahifa » Toshkent tarixi » Qovunchitepa

Qovunchitepa

QOVUNCHITEPA – arxeologik yodgorlik, shahar xarobasi. Yangiyo‘l shahrida, Kurkuldak kanalining so‘l sohilidagi do‘ngliklarda joylashgan. Maydoni – 25 gektar. Ark (50×50 m), shahriston (150×100 m)dan iborat. Atrofi mudofaa devori va xandaq bilan o‘ralgan. Janub va g‘arb tomonida hunarmandlar mahallalari – rabodlar tutashgan. 1970 va 1976 yillarda Yu.F.Buryakov tomonidan tadqiq etilgan. Yodgorlikdagi madaniy qatlam 4–12,5 m ni tashkil etadi. Qovunchitepada ilk marta fanda Qovunchi madaniyati deb nom olgan yangi moddiy madaniyat majmui ochilgan. Arxeologik qazishmalar jarayonida turli davrlarga oid turar joy va ishlab chiqarish me’morligi majmui va moddiy madaniyat qoldiqlari, jumladan sopol idishlar, metall, tosh va suyakdan ishlangan mehnat qurollari, ro‘zg‘or buyumlari, diniy e’tiqod ashyolari, zeb-ziynatlar topilgan. Davriy jihatdan hayot 5 bosqichda davom etganligi aniqlandi. Birinchi bosqich – eng qadimiy davrda xo‘jalik o‘ralari, o‘choqlar, burganli madaniyatiga xos qo‘lda qo‘pol ishlangan dumaloq tagli ba’zan bo‘yama naqshli sopol idishlar, miloddan avvalgi 6–3-asrlarga mansub. Ikkinchi bosqich – mudofaa devori bilan o‘ralgan shaharning bunyod etilishi, uy-joylarni yirik xom g‘ishtdan qurilishi, Qovunchi I–II davriga xos yassi tagli qo‘lda ishlangan sopol buyumlari bilan xarakterlanadi. Qovunchi I sopollarining o‘ziga xos xususiyati – tagi yassi ko‘za va tuvaklar dastasi hayvonlar, aksariyat qo‘ylar – zardushtiylikdagi baxt-farog‘at ma’budi – Farn ramzi shaklida, sopol haykalchalar – ikki qarama-qarshi tomonga qaragan qo‘y kallalari shaklidagi tagdonlar va boshqalar. Qovunchi II davrida qo‘ylar o‘rniga buqalarning boshchasi, shuningdek, hayvon shakllari bo‘lmagan dastakli tuvaklar egallagan. Uchinchi bosqich – shahar va uning atrofidagi hayotning gullab yashnashi (3–5-asrlar, Qovunchi II). To‘rtinchi bosqich – shahristonda 5–6-asrlarda asta-sekin hayotning so‘na boshlashi. Beshinchi bosqich – xaroba o‘rnida kichik qishloqning vujudga kelishi (15–16-asrlar).

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Динамика состава населения города Ташкента в первой четверти ХХ века

Post Views: 89 Город Ташкент является одним из древнейших городов Центральноазиатского региона, многовековая история которого …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan