Bosh sahifa » Toshkentnoma » Qisqa satrlarda – Shayxontohur mahallalari
Тошкентнома. Кўкча даҳаси. Сағбон

Qisqa satrlarda – Shayxontohur mahallalari

Padarkush mahallasi. Shimoldan Orqa ko‘cha, sharqdan Quduqboshi, janubdan Dukchi, g‘arbdan Pushtibog‘ mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahalla aholisi asosan bo‘z to‘qish bilan shug‘ullangan. Shuning uchun, mahallaning dastlabki nomi Bo‘zchi mahalla deb yuritilgan.

Ayrim rivoyatlarga ko‘ra, bir vaqtlar el orasida obro‘-e’tiborli oqsoqol o‘z o‘g‘li tomonidan o‘ldirilishi voqyeasiga nisbat berilib, mahalla nomi Padarkush bo‘lib ketgan.

Sho‘rtepa mahallasi. Degrez, Xovuzbog‘, Gulbozor va Katta ko‘cha bilan chegaralangan. Mahallaning ayrim tepalik qismlari sho‘rtak bo‘lganidan mahalla SHo‘rtepa nomini olgan. Mahallaning chorbog‘lari Ko‘kcha va Rohikat mavzelarida bo‘lgan. Mahalla kengaya borib keyinchalik ikki qismga ajralgan. Ikkinchi qismi Podachi nomini olgan. Har ikki mahallaning o‘z ellikboshilari bo‘lgan.

Qo‘rg‘ontagi mahallasi. Bu mahalla Eski o‘rda ro‘parasidagi (Shayxontohur dahasi hududi) xon sarbozlari istiqomot qilgan. Qo‘rg‘on yaqinida, pastliqda joylashganidan shunday nom olgan. Mahallaning dehqonchillik bilan shug‘ullanadigan yerlari Yalang‘och va Pasra mavzelarida bo‘lgan.

Marayimxalifa mahallasi. Aniqrog‘i Muhammad Rahim Xalifa. Sharqdan Kaltatoy, janubdan Oqmachit, g‘arbdan Raisko‘cha va shimoldan Sebzor dahasining Qoratut mahallasi bilan chegaralangan. Ma’lumolarga ko‘ra qo‘qonlik eshon Muhammad Rahim Xalifaning muridlari shu mahallada yashagan. Har gal eshon kelganida shu mahalla masjidida muridlari bilan zikr tushishgan. Nomi shundan qolgan. Mahallaning chorbog‘lari Yangitarnov mavzesida bo‘lgan.

Pushtibog‘ mahallasi. Jarko‘cha, Shirin quduq, Darxon, Oq masjid mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Rivoyatlarga qaraganda mahallaning ko‘pchilik xonadoni hovlilarining orqa tarafida so‘lim bog‘lari bo‘lgan. Mahallaning Pushtibog‘ deb nomlanishi shundan. Mahalla chorbog‘lari Yalang‘och va CHo‘pon ota mavzelarida bo‘lgan.

Olmazor mahallasi. Shimoldan Egarchi, sharqdan Mergancha, janubdan Devonbegi, g‘arbdan Beshyog‘och dahasining Qoratosh mahallasi bilan chegaralangan. Mahallada biri biridan muhtasham masjidlar bo‘lgan. Ulardan biri Pansod masjidi deyilgan. Masjid 1882 yilda Muhammadkarimxoji tomonidan qurilgan bo‘lib. Olmazor va Qoratosh mahallalari oralig‘ida qurilgan.

Hovuzbog‘ mahallasi. Shimoldan Jangob, sharqdan Katta ko‘cha, g‘arbdan Xadra, janubdan Qalandarxona mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahalla o‘rnida o‘tgan asrning 80-yillarigacha tramvay deposi bo‘lgan hozirda u yerlarda turar-joy va ma’muriy binolar qurilgan. Mahalla bir qancha serob hovuzli bog‘-rog‘lari bo‘lgani uchun hovuzbog‘ nomini olgan.

Egarchi mahallasi. G‘arbdan Devonbegi, sharqdan Tarloq va Mergancha, janubdan Olmazor, shimoldan Qatorterak mahallalari bilan chegaralangan. Eskijo‘va bozorining Shayxontohur dahasiga tegishli qismida joylashgan qadimiy mahallalardan biri bo‘lgan. Egarchilik hunarmandchilikning qadimiy hunar turlaridan biri bo‘lib, asosan shaharlarda rivojlangan. O‘tmishda egar-jabduq oddiy kustar usulida maxsus dukonlarda tayyorlangan. Mahalla ahlisining asosiy qismi egarchilik kasbi bilan shug‘ullangan. Mahallaning nomi shundan.

Tarnovboshi mahallasi. Shayxontohur qabristoni, Taxtapul, Qatorterak, Sebzor mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahalla baland-pastliklardan iborat bo‘lganligi uchun ko‘tarma, qaynima, charxpalak kabi suv inshootlaridan foydalanish bilan birga ayrim joylarda yog‘ochdan tarnov yasab, chuqurlik joylardan suv olib o‘tishgan. Ko‘pincha charxpalak orqali olingan suv novlar orqali xonadonlarga o‘tkazilgan. Tar-suv, nov-ariqcha. Mahallaning nomi shundan.

Shatak mahallasi. Shimoldan Ganchtepa, sharqdan Turk Olmazor, janubdan Turk Yangishahar kabi mahallalar bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahalla past-balandlikdan iborat bo‘lganligi uchun qishli-qirovli kunlarda ot-aravalarning yurishi qiyinlashib, qo‘shimcha ot-ulovlar yordamida shatakka olib chiqarilgan. Mahalla nomi shundan. Hozirgi o‘rni A.Qodiriy ko‘chasining bir qismi.

Xo‘ja Ro‘shnoiy mahallasi. Shimol va sharqdan Oq masjit, Janubdan Govkush, g‘arbdan Deroz kabi mahallalar bilan chegaralangan. Chorbog‘lari Mirobod, Chilonzor va Ko‘kcha mavzelarida bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra Xo‘ja Rushnoiy juvozkashlarning piri bo‘lgan. Shu mahallada yashagan.

Devonbegi mahallasi. Shimoldan Baland masjid, janubdan Olmazor, sharqdan Egarchi kabi mahallalari bilan chegaralangan. Chorbog‘lari Qumqo‘rg‘on va Chivintepa mavzelarida bo‘lgan. Mahallada hokim devonida ishlaydigan mirza yashagan. Mahalla nomi shundan.

Govkush mahallasi. Shimoldan Degrez, sharqdan Baland masjit, janubdan Katta ko‘cha (Navoiy) bilan chegaralangan. Mahalla hovlilari Shayxontohur arig‘idan sug‘orilgan. Chorbog‘lari Otchopar, Tovkat tepa mavzelarida bo‘lgan. Govkush nomi “mol so‘yish” ma’nosini bildiradi.

Tojik mahalla. G‘arbdan Qashqar, shimoldan Turk Yangishahar, sharqdan Yangishahar bilan chegaralangan. Qo‘qon xonligi davrida so‘ngi Shug‘noqlik bek vaqtida bu yerga uning vatandoshlari bo‘lmish tojik millatiga mansub kishilar ko‘chib kelib o‘troqlashishgan. Mahalla nomi shundan.

Yalang‘och mavzesi Hozirgi Mirzo Ulug‘bek tumanining mahallalaridan biri. Ilgari Shayxontohur dahasining mavzelalaridan biri bo‘lib, Qashqar mahallasining dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan qismi. Mahalla ahli yoz oylarini shu yerda o‘tkazganlar.

O‘zbeklar tarkibiga kirgan qabilalar orasidagi Saroy qabilasining katta guruhi tarkibidagi urug‘laridan biri Jlang‘och saroy, Yalang‘och nomida saqlanib qolgan. Yalong‘och ota- o‘tmishda o‘zbek va qozoq xalqlarida shamol homiysi Yalong‘ochga e’tiqod qilish Toshkent atroflari va Janubiy Qozog‘istonda yashovchi o‘zbeklar o‘rtasida keng tarqalgan.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

O‘xshash maqola

Тошкент. 20-30 йиллар (фотожамланма). 1-қисм

Shayxontohur dahasi. Qashqar, Qiyot, Qoryog‘di mahallalari

Post Views: 3 Shayx Umar Bog‘istoniyning o‘g‘li, ilohiyot va tariqat ilmining yirik namoyondalaridan biri, ulug‘ …

Битта мулоҳаза

  1. Qoratosh mahallasi haqida tarixi haqida ham malumot bersangiz iltimos
    Oldindan Rahmat

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan