Bosh sahifa » Kutubxona » O‘zbekis­ton Respublikasi Milliy kitob palatasi

O‘zbekis­ton Respublikasi Milliy kitob palatasi

KITOB PALATASI, O‘zbekis­ton Respublikasi Milliy kitob palatasi (Navoiy ko‘chasi, 30) – bibliografik markaz, O‘zbekistonda chop etilgan bosma materiallar statistikasini yuritish va ularni asrash bo‘yicha yetakchi muassasa.

1926 yil 3 yanvarda O‘zbekiston davlat kitob palatasi nomi bilan Samar­qandda tashkil etilgan. 1934 yildan Toshkent­da. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 7 yanvardagi 3-sonli qaroriga ko‘ra, unga Milliy Kitob palatasi maqomi berildi.

Kitob palatasi O‘zbekistondagi barcha nashriyot va nashr etish huquqiga ega bo‘lgan korxonalardan chop etilgan bosma materiallarning majburiy nusxasini qabul qilib oladi (2008 yilda 2000 nomdan ortiq kitob, 689 gazeta, 228 jurnal va 18 axborotnoma-byulleten olindi), ular yuzasidan ilmiy bibliografiya, matbaa statistikasini tayyorlaydi. Kitoblar, asosiy gazeta hamda jurnal materiallari yuzasidan joriy va retrospektiv bibliografik materiallar tuzadi, ular bo‘yicha kartoteka-bibliografik hujjatlar hozirlaydi. Kelib tushgan bosma axborot manbalarini o‘z arxiviga abadiy saqlash uchun o‘tkazadi. Palata fondida umumiy soni 3,5 mln.dan ortiq axborot manbalari saqlanadi (2008).

1928 yildan boshlab Kitob palatasi «Kitob solnomasi» retrospektiv bibliografik to‘plamlarini chop etib keladi. Hozirga qadar bosilib chiqqan 30 dan ortiq shunday to‘plamda 20-asrning boshidan to oxiriga qadar O‘zbekiston hududida nashr etilgan jami kitoblar haqida bibliografik ma’lumotlar sistematik tarzda tavsiflangan. Bundan tashqari, 1938 yildan boshlab tayyorlanadigan «Matbaa solnomasi»da bir oy davomida Kitob palatasiga kelib tushgan kitoblar, jurnal va gazeta materiallari bibliografiyasi darj etiladi.

Kitob palatasi 2006 yil xalqaro ISBN agentligiga a’zo bo‘ldi va mamlakatimizda bosilib chiqayotgan barcha kitob mahsulotlariga O‘zbekistonning mustaqil ISBN raqamlarini berishni boshladi. Kitob palatasi Xalqaro ISSN agentligiga ham a’zo (2008). Endilikda barcha gazeta, jurnal, byulleten va elektron turkum nashrlar ISSN belgisi bilan chop etilmoqda. Bu ikki xalqaro standart raqamga ega bo‘lish orqali mamlakatimiz matbaa mahsulotlarini endilikda chet davlatlardagi ko‘rgazmalarda namoyish etish, sotish va xalqaro bibliografiyalarga kiritish imkoniga ega bo‘ldi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

O‘xshash maqola

Kutubxonalar. A.S.Pushkin nomidagi Samarqand viloyat universal ilmiy kutubxonasi

Post Views: 2 758 Samarqand viloyat universal ilmiy kutubxonasi 1911 yilda tashkil etilgan. O‘sha davrda kutubxona …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan