Bosh sahifa » Navoiy maydoni

Navoiy maydoni

NAVOIY MAYDONI (o‘tgan asrning 30-yillarigacha Voskreseniye bozori, 1991 yilgacha Teatr maydoni) – shahar markazidagi maydonlardan biri. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek davlat akademik katta opera va balet teatri qurilishi (me’mor A.V. Shchusev) munosabati bilan 1947 yil tashkil topgan. Buyuk Turon, Mustafo Kamol Otaturk, Matbuotchilar, O‘zbekiston ko‘chalari bilan chegaralangan. Alisher Navoiy tavulludining 550 yilligi munosabati bilan maydonga Navoiy nomi qo‘yilgan. Navoiy maydoni markaziga sharq uslubida favvora (1947; me’mor A.V.Shchusev, V.Ye. Arxangelskiy, L.G.Karash) qurilgan. Atrofiga manzarli daraxtlar o‘tkazilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilgan. Maydon yaqinida «Toshkent univermagi» supermarketi, Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy bank, «Tashkent Palas» mehmonxonasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, Milliy axborot agentligi (O‘zA), «Sharq ziyokori» kitob do‘koni, «Toshkent gullari» do‘koni, Badiiy Akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zali, «Moviy gumbazlar» xiyoboni, «Mustaqillik» metro bekati, keramika bog‘i, savdo majmualari, firma va kompaniya ofislari joylashgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil    

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*