Bosh sahifa » Allomalar » Mutafakkirlar. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810–870)

Mutafakkirlar. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810–870)

Hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblangan IX asrda hadisshunoslikda katta muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilgan. Chunonchi, butun islom dunyosidagi eng nufuzli manbalar deb tan olingan oltita ishonchli hadislar to‘plamining (as-sihoh as-sitta) mualliflari yashab ijod qilganlar.

Ular orasida “Hadis ilmida amir al-mo‘minin” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Imom Buxoriy alohida e’tiborga molik buyuk olimdir. Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Bardazbeh Ju’fiy Buxoriy bo‘lib, u 810 yil 20 iyulda Buxoro shahrida tavallud topgan. Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida o‘sgan. U yoshligidan aql-idrokli, o‘tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo‘lib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zo‘r qiziqish bilan egallaydi. Manbalarda ko‘rsatilishicha, u o‘n yoshidan boshlab o‘z yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn Muborak va Vakiy ibn Jaroh kabi olimlarning hadis to‘plamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Doxiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan.

825 yilda Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yo‘l tutadi, muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashdi. Hadis ilmidan o‘z bilimini yanada oshirish maqsadida o‘sha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa va Bag‘dod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham ta’lim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va ilm toliblariga dars ham beradi. Imom Buxoriy hayotining ko‘p qismi xorijiy ellarda, musofirchilikda o‘tadi. Bu haqda uning o‘zi: “Misr, Iroq, Shomga ikki martadan, Basraga to‘rt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman, Bag‘dod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chog‘ida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, to‘plagan hadislarini oqqa ko‘chirar edi. Muallifning yozishicha, Bag‘dodda istiqomat qilgan paytda ko‘pincha oyning nurida ijod qilib, qorong‘i kechalarda sham yorug‘ida kitob yozar ekan. Ilm oshirish maqsadida Buxoriy juda ko‘plab olimlardan ta’lim oladi. Nishopurlik al-Hakimning (1015 yilda vafot etgan) yozishicha, Imom Buxoriy ta’lim olgan ustozlari soni to‘qsondan ortadi. O‘z navbatida Buxoriy ham ko‘pgina shogirdlariga ustozlik qilgan. Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso Termiziy Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning o‘zaro munosabatlari ibratli bo‘lgan. Termiziyning yozishicha, u o‘z asarlari uchun ko‘p ma’lumotlarni Buxoriy bilan uchrashuvlaridan olgan. Shu bilan birga, Buxoriy ham Termiziyning bilimini yuqori baholab: “Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ortiqroq”, deb unga nisbatan chuqur hurmatini bildirgan. Termiziy o‘z ustozi va safdoshi Buxoriyni butun umri davomida hurmatlab, unga samimiy sadoqatda bo‘lgan.

Imom Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o‘zining go‘zal xulq-atvori, odamoxunligi, muruvvatliligi, himmatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralibturgan. U zehni o‘tkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida g‘oyat shuhrat qozongan. Manbalarda Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan. Imom Buxoriy xorijdan qaytgach, o‘z vatani Buxoroda ko‘plab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Hasadgo‘ylarning xatti-harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad Zuhaliy Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin Buxoriy Samarqandga qarab yo‘l oladi va birmuncha muddat Xartang qishlog‘ida o‘z shogirdlari va qarindosh-urug‘larinikida yashagandan keyin og‘ir kasalga chalinib, 870 yil 1 sentyabrda 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.

Imom Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Ulardan “Al-jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-ta’rix as-sag‘iyr”, “At-ta’rix al-avsot”, “At-ta’rix al-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Birr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-jome’ as-sahih”dir. Bu asar “Sahih Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom Buxoriygacha o‘tgan muhaddislar o‘z to‘plamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo‘lib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi. Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni 7275 tadir. Bu sharafli ishni birinchi Buxoriy boshlab bergan bo‘lib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar to‘plamini yaratganlar.

Imom Buxoriyning ushbu yirik asari davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom ta’limotida Qur’ondan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelinmoqda. Imom Buxoriyning ushbu asarining ko‘plab nusxalari turli shaharlarda tarqalgan. Hatto o‘rta asrlarda yashagan ba’zi adib va xattotlar uchun bu asar nusxalarini ko‘chirish tirikchilik manbai ham bo‘lgan. 1325 yilda ko‘chirilgan sakkiz jilddan iborat go‘zal bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. “Al-jome’ as-sahih”ga ko‘pdan-ko‘p sharhlar bitilgan bo‘lib, muhim manba sifatida u qayta-qayta nashr ham qilingan.

Imom Buxoriy to‘plamlariga kiritilgan hadislar faqat islom ta’limotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq ko‘ngillik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka da’vat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimadan o‘zni tiyish lozimligi haqida hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yo‘l-yo‘riqlar, pand-nasihat va o‘gitlar aks ettirilgan.

1998 yilda buyuk hadisshunos tavallud kuni keng jamoatchilik tomonidan katta hurmat va ehtirom ila nishonlanib, Imom Buxoriy ziyoratgohi ulkan majmuaga aylantirildi. Alloma maqbarasi go‘zal suratda qayta bino qilindi. Majmua tarkibiga kiruvchi masjid ta’mirlandi. Ziyoratgoh hududi so‘lim go‘shaga aylantirildi. 2008 yilda Imom Buxoriy majmuasi Xalqaro Markazga aylantirildi. Bugun ushbu ma’rifiy markazda Imom Buxoriy merosini o‘rganish va jamoatchilikka taqdim etish yo‘lida ulkan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

O‘xshash maqola

Mutafakkirlar. Mahmud Zamaxshariy (1075–1144)

Post Views: 1 865 Ko‘hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan