Bosh sahifa » Toshkentliklar » Muhiddinxo‘ja qozi (tarixiy hujjatlar asosida)

Muhiddinxo‘ja qozi (tarixiy hujjatlar asosida)

Muhammad Hakimxo‘ja eshon vafotidan keyin qozi kalonlik mansabini u kishining o‘g‘illari Muhiddinxo‘ja egalladi.

Bu lavozimda u otasiga nisbatan boshqacha sharoitda, mustamlakachilar o‘lkada ildiz otib, xalq hayotida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berayogan vaziyatda faoliyat ko‘rsatdi. Uning davrida Turkistonda matbuot-nashriyot ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bir necha ilmiy-madaniy muassasalar ish yuritdi, yangi zamon fan-texnikasini, rus tili, adabiyoti va san’atini o‘rganishni targ‘ib etuvchi yangicha ma’rifatparvarlik yo‘li shakllandi va hokazo. Davrining ilg‘or ziyolilaridan bo‘lmish Muhiddinxo‘ja bu sohalarning deyarli barchasida faol qatnashdi. Qozilik lavozimini yangicha yo‘nalishdagi ma’rifatparvarlik bilan qo‘shib olib bordi. Shaxsiy kutubxonasida jamlangan bir qancha noyob qo‘lyozmalar qatorida Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub mashhur “Zafarnoma”ning jahonda yagona mukammal nusxasi (undagi 90 sahifadan iborat kirish qismi boshqa birorta nusxalarida uchramaydi) ham borligi u zotning madaniy merosga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi. Bu noyob kitobning to‘la matni mustaqillikdan keyingina o‘zbek o‘quvchilariga yetib bordi. Shu o‘rinda “Zafarnoma” bilan bog‘liq bir voqyeani eslab o‘tmoqchimiz.

Mustamlaka davri manbalaridan ma’lum bo‘lishicha, Muhiddinxo‘ja qozining ma’rifatparvarlik faoliyati general-gubernatorlikka ham, mahalliy mutaassiblarga ham aslo yoqmagan. 1899 yil oxirlarida ana shu adovat tufayli qozining ashaddiy dushmanlari uni bir da’vogardan katta pora olganlikda ayblamoqchi bo‘lishadi. Sirdaryo gubernatori, viloyat prokurori, shahar hokimi singari mustamlaka amaldorlari qatnashgan shahar qozilari yig‘inida shu masalani ko‘rib chiqishga qaror qilinadi. Yig‘inga Muhiddinxo‘janing poraxo‘r emasligini isbotlash uchun yigirma chog‘li xolis guvohlar keladi. Lekin bitta ham guvohning so‘zlari eshitilmaydi. Balki Muhiddinxo‘jani Kalomulloh bilan qasam ichishga majburlashadi. Qur’on bilan qasam ichish g‘oyat og‘ir hol ekanini, qasamxo‘rlik el-yurt orasida qanday ishlarga sabab bo‘lishini yaxshi bilgan Muhiddinxo‘ja yig‘ilganlardan guvohlar so‘zini e’tiborga olishni iltijo qiladi. Lekin ular qasddan oyoq tirab olgach, qasam ichishdan ko‘ra tuhmat qilingan mablag‘ni to‘lashni afzal bilib, yig‘inni tark etadi. Biroq bu mablag‘ni to‘lashga qozining qurbi yetmas edi. Shu vajdan ota-bobolaridan qolgan yagona boylikni – hozirda Faxriddin Zayniddinov limonariysi atroflaridagi yerlarni qamrab olgan ajoyib bog‘ini harbiy tashkilotga ijaraga qo‘yib, “qarz”dan uzilmoqchi bo‘ladi. Oradan bir necha oy o‘tib, 1900 yilgi Parij xalqaro ko‘rgazmasidan Muhiddinxo‘ja qozi nomiga shoshilinch tilgrom keladi. Unda ilgariroq qozi Parij ko‘rgazmasiga yuborgan Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining noyob nusxasini katta mablag‘ to‘lab sotib olishga rozilik so‘ralgan edi. Sil kasali bilan og‘riyotgan, ayni paytda iqtisodiy tang ahvolda turgan qoziga birgina mana shu qo‘lyozmani sotish kifoya qilardi. Biroq, ma’naviy xazinaning noyob durdonasini hech narsaga alishmay, tilgrom bilan rad javobi berib, qo‘lyozmani o‘ziga qaytarishlarini so‘raydi. Shu tariqa Muhiddinxo‘ja qozi sog‘lig‘ini berib bo‘lsa ham, “Zafarnoma”ni avlodlar uchun saqlab qoladi.

Muhiddinxo‘ja qozi o‘tgan asrning 80-yillari birinchi yarmidan boshlab o‘lkada mahalliy tilda chiqadigan yagona gazetaning eng faol mualliflaridan biriga aylanadi. 1884 yil 19 yanvar sonidayoq “Badanga zarar yetkuradigan nimarsalarning haromligi bayoni” sarlavhali dolzarb maqola e’lon qilib, hamyurtlari e’tiborini buyuk ofat giyohvandlikka qarshi kurashga jalb etadi.

O‘zbek ma’rifatparvar shoiri Zokirjon Furqat 1889-1891 yillari Toshkentda istiqomat qilgan paytida Muhidinxo‘ja eshon Sebzor dahasining qozisi edi. Shoir “Sarguzashtnoma” asarida u zotning ajoyib fazilatlari xususida mehrli so‘zlar bitgani, hozircha qayerda ekani noma’lum dastxat devonida esa, o‘zining yangicha ma’rifatparvarlik yo‘nalishdagi asarlari yaratilishida bu tabarruk zotning xizmatlarini alohida ta’kidlagani ma’lum. Shuni aytish kifoyaki, gazetaning 1890 yil 6 sentyabr sonida Furqatning “Toshkand shahridag‘i vistufka xususida” she’ri, Muhiddinxo‘ja qozining esa, xuddi shu mavzuni qiziqarli tarzda yoritgan “Hurmatli Muhiddinxo‘ja qozining so‘zlari” sarlavhali maqolasi chop etilgan.

Furqatning zikr qilingan dastxat devonini o‘qkishga muyassar bo‘lgan g‘oyat kamsonli zyyolilardan bo‘lmish Miyon Buzruk Solihov 1935 yilda Toshkentda chop etilgan “O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” nomli kitobida devondan quyidagi ko‘chirmani keltiradi: “O‘z obodonlig‘i bilan aqllarni hayron qoldiruvchi Toshkandi muazzamg‘a Farg‘onadin borg‘on zoti kiromiylar bilan birga kamina ham bor edi. Shu saodatli fursatda Toshkandning ulug‘ zotlaridin bo‘lg‘on janobi Muhiddinxo‘ja qozi janoblarining dargohlarida turub, sayru tamosholar va shirin suhbatlar bilan bir necha vaqtlar o‘tib turdi. Kunlarning birida janobi qozi o‘z aqrabolari va yoru do‘stlari bilan… teatru tamoshosig‘a borduk. Shul g‘aroyibulmasal tamosho haqida kamina bir nazm tartib berdim” (“Ushbu 1890 yilda 5 o‘ktabrda Toshkand shahridag‘i tiyotr imoratida bo‘lg‘on o‘yin xususida” nomli manzuma haqida gap bormokda. Keyinchalik sho‘ro mafkurasi taqozosi bilan asarni nashrga tayyorlovchilar uning nomini “Suvorov haqida” deb o‘zgartirib, uni doston deb ataganlar. – Sh.Yu.)

Furqat Toshkentda Muhiddinxo‘ja qozi bilan o‘tkazgan damlarini umrining oxirigacha eng laziz lahzalar deb bilgan va chet ellardan Toshkentga yo‘llagan ko‘pgina maktublarida “janobi fazilatpanoh Muhammad Muhiddinxo‘ja qozig‘a” , “nodirul vujud Muhammad Muhiddinxo‘ja eshong‘a”, “janobi shariat shiori Muhammad Muhiddinxo‘ja eshoni qozig‘a” alohida salomlar aytganining guvohi bo‘lamiz.

Furqat Muhiddinxo‘ja qozining o‘ziga ham ko‘pgina xos maktublar jo‘natgan, bu maktublar uning do‘sti xonadonida zo‘r hurmat bilan saqlangan, lekin 1937 yilgi qatag‘onlarda qozining katta o‘g‘li Mahmudxon qamokka olingan chog‘da, NKVD xodimlari tomonidan olib ketilib, mahv etilgan ekan.

Furqat Toshkentdan chet elga jo‘nab ketganidan so‘ng tez orada, 1892 yil 24 iyunda mashhur “Vabo ko‘zg‘oloni” bo‘ladi. O‘sha vaqtdarda Toshkentning eski shahar qismi hokimi bo‘lgan N.S. Likoshinning “Turkistonda kechgan yarim umr” kitobida yozishicha, Muhiddinxo‘ja “1892 yilgi to‘s-to‘polonlarga jinoyatkorona munosabatda bo‘lganligi uchun qo‘zg‘olondan so‘ng bir hafta o‘tmayoq qozilik lavozimidan chetlashtiriladi. Shuningdek, N. Likoshinning o‘sha kitobida Muhiddinxo‘ja 1892 yil qo‘zg‘oloni vaqtida “mustahkam e’tiqodi va o‘zini saylagan xalqiga qattiq sadoqati uchun jabr ko‘rganligi” xususida ham mulohaza bor. Shu tariqa ko‘p tazyiq-ta’qiblarni boshidan kechirib, nihoyat 1892 yil voqyealaridan so‘ng general-gubernatorlik doiralarining asl qiyofasini anglab olgan, ulardan uzil-kesil hafsalasi pir bo‘lgan Muhiddinxo‘ja mustamlakachilar bilan yonma-yon ishlash niyatidan butunlay voz kechadi va ajdodlari qurib ketgan Isaxonxo‘ja madrasasida mudarrislik bilan umrguzaronlik qilishga ahd etadi. Bu yo‘nalishda to‘rt yil chamasi xizmat qilgach, 1896 yilda Muhiddinxo‘jaga alohida mehr va ishonch bilan qarovchi Sebzor dahasiniig fuqarolari yangi qozi saylovi vaqtida yana uning nomzodini ilgari suradilar. Saylovda Muhiddinxo‘ja 62 ta ovoz olib g‘olib chiqadi. Holbuki, ikkita boshka nomzodlar bor-yo‘g‘i 12 tadan ovoz olishgan edi, xolos. Saylov natijalari general-gubernatorlik doiralariga ma’lum bo‘lgach, ular surbetlarcha saylovni bekor qiladilar va Sebzor dahasida Muhiddinxo‘ja nomzodini kiritmasdan yangitdan saylov o‘tkazish haqida farmon chiqaradilar. Shu o‘rinda N.P. Ostroumov kundaliklarida xufya saqlangan bir qaydni keltirishga ehtiyoj seziladi: “Rus ma’muriyati yerlik aholiga saylash huquqini bergan, biroq shahar boshlig‘ining tavsiyasiga ko‘ra, saylovlarni tasdiqlash (sanksiya berish) huquqini viloyat gubernatori o‘zida saqlab qolgan. Bunda shahar hokimi va shaharning yerliklar yashaydigan qismi polismeysteri saylovchilar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning shaxsiy mustaqil xarakteri bilan ajralib turmasligi, rus ma’muriyati qo‘lida itoatkor qurol bo‘lishi g‘amini yeydilar, xolos. Agar nomzodlar orasida ma’muriyatga yoqmaydigan nomzod ko‘rsatilib qolsa, biror bahona topib, uni saylovga qo‘ymaydilar” (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Arxivi, 1009-fond 1-raqamli qayd, 59-hujjat, 33-sahifa). Ana endi 12 ovozga qarshi 62 ovoz olgan Muhiddinxo‘janing qozilik lavozimnga yo‘latilmaganining siri yana ham ravshan bo‘ladi. Ostroumov kundaliklarida bitilganidek, u hech qachon “rus ma’muriyati qo‘lida itoatkor qurol” bo‘lmas, aksincha, “shaxsiy mustaqil xarakteri bilan ajralib turar” edi.

Bir musulmonga xos kamtarona hayot kechirgan Muhiddinxo‘ja 1902 yili bola-chaqalari ta’minlanmagan, hatto yagona boyligi bo‘lmish bog‘-yerlari garovga qo‘yilgan ayanchli bir holatda vafot etdi.

Sovet davri tadqiqotchilarining ayrimlari Muhiddinxo‘ja qozi Toshkent shahar hokimi Lodijenskiy tomonidan qattiq ta’qibga uchragach, 1899 yilda Gurkiston general-gubernatoridan yordam so‘rab, noiloj holda yozilgan arizasida go‘yo rus ma’muriyatiga yaxshi xizmatlar qilib, hatto ba’zi orden va medallar bilan ham taqdirlanganini aytgan o‘rinlarga mahkam yopishib olib, uni “xalqni ezuvchi sinf vakillari” qatoriga qo‘shgan, tavqi la’natlar ham ilgan edi. Bu hol, shubhasiz, masalaning mohiyatini yetarlicha anglamay, fakt va hujjatlarning tag matnini, ular vujudga kelishining asl sabablarini aniqlamay, chalakam-chatti fikrlash oqibatidir. Zotan, har qanday fakt va hujjatning o‘zi tarix bo‘lavermaydi, ular haqiqiy tarix yaratish yo‘lida tadkqiqotchi qo‘lida xom-ashyo vazifasiii o‘taydi, xolos.

Bu fikrni Turkistonda o‘n besh yil chamasi hukmronlik qilgan Fon Kaufman Hakimxo‘ja haqida: “U zot Xudodan bo‘lak hech kimdan qo‘rqmagan ajoyib inson edi”, deya o‘zining eng zo‘r raqibiga tan berishga majbur bo‘lishi ham, bu tabarruk zotning farzandi Muhiddinxo‘janing el-yurt manfaatlari yo‘lida qilgan ulug‘ ishlari ham tasdiqlaydi.

(Ikkinchi qism)

Sharif YUSUPOV

“Siz bu kishini taniysizmi?” rukni ostida e’lon qilindi

“Hidoyat” jurnali, 2000 yil, 1-son

www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi

O‘xshash maqola

Mahmud Usmonov (ganchkor usta)

USMONOV Mahmud (1910–1997.1.7) – ganchkor usta, O‘zbekiston Badimiy akademiyasi akademigi (1997), O‘zbekiston xalq rassomi (1977). …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan