Bosh sahifa » Islom » Ilm. Musulmonning barcha ishi puxta va mukammal bo‘lishi kerak

Ilm. Musulmonning barcha ishi puxta va mukammal bo‘lishi kerak

Chin musulmonning shaxsiyati barcha ijobiy xislatlarni o‘zida mujassam qilib, salbiylaridan yiroq bo‘ladi. Zero, musulmon odam ilmu irfon, harakat va mehnat bilan olamni obod qilishga, dunyoda ezgulik urug‘ini sochishga buyurilgan bo‘lib, bunga faqat mas’uliyat, jiddu jahd va har ishni puxta va mukammal ravishda bajarish orqaligina erishish mumkin.

Musulmon kishi o‘zi egallagan kasbning mohir bilimdoni bo‘lishi talab etiladi. Agar u dehqon bo‘lsa, dehqonchilikning barcha sir-asrorlarini bilishi va ularga og‘ishmay amal qilishi lozim. Agar tabib va shifokor bo‘lsa, tabobat qonun-qoidalaridan yetarlicha xabardor bo‘lishi, bemorga yozayotgan dori-darmonlarning xususiyatlari, bemorning ahvolidan kelib chiqib beriladigan miqdori, vaqtlari va hokazolar haqida aniq bilimga ega bo‘lishi, tajribasi bo‘lishi talab qilinadi va hokazo. Umuman, qaysi soha yoki kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, har bir musulmon o‘z sohasining bilimdoni bo‘lishi va ishini risoladagidek bajarishi zarur. Masalan, sanoat sohasida ishlaydiganlar ham shunday. Xalq iste’moli uchun mo‘ljallangan mahsulotni barcha qonun-qoidalarga rioya qilgan holda ishlab chiqarish, uning sifati va puxtaligiga birinchi galda e’tibor qaratish ham ishlab chiqaruvchining vazifasiga kiradi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

إن الله يحب إذا عمل أحدكم عملا أن يتقنه

«Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi», deganlar (Abu Ya’lo rivoyati, «Majma’u-z-zavoid»; Suyutiy, «Al-jome’ as-sag‘ir»).

Shunga ko‘ra amalga oshirilayotgan ishni puxta va mukammal ravishda, xolisanlilloh ado qilish alohida ibodat hisoblanadi. Binobarin, kishiga buning uchun qo‘shimcha ajru savoblar yoziladi.

Barcha ishni komil va go‘zal suratda, mukammal bajarish muhim ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyatga ham molikdir. Zero, ish va xizmatning mukammal va puxta amalga oshirilishi sababli jamiyat gullab-yashnaydi, kishilar o‘rtasida ishonch, rozilik, do‘stlik va hurmat rishtalari paydo bo‘ladi.

Mo‘min kishi biror ishning javobgarligini bo‘yniga olsa, unga jiddiyat va mas’uliyat bilan yondashadi, u lafzi halol, qat’iyatli, o‘z sha’ni va hurmatini saqlovchi, hamiyatli inson bo‘ladi. Bir ishga kelishdimi, va’da berdimi, qay holga tushishdan qat’i nazar, o‘z nafsining rohatidan kechib bo‘lsa ham va’dasining ustidan chiqadi. Faqat zamonaviy muomalalarda «fors-major» deb ataladigan holatlargina bundan mustasnodir. «Fors‑major» (force majeure) so‘zi fransuz tilidan olingan bo‘lib, lug‘aviy jihatdan yuqori quvvat, o‘ziga bo‘ysundiruvchi zarurat degan ma’noni anglatadi. Bu holat shartnomalashuvchilardan birortasiga yetib, zimmasidagi vazifani tamomiga yetkazishga to‘g‘anoq bo‘luvchi kutilmagan tabiiy ofat, falokat va hokazolarni ko‘zda tutadi. Faqat mana shunday holatlargina shartnomalashuvchi tomonlardan birini o‘z mas’uliyatidan ozod qilishi mumkin.

Ba’zi ishlab chiqaruvchilar xalq iste’moli uchun chiqarayotgan mahsulotlarining sifatiga unchalik e’tibor bermaydilar, balki «Mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida ish qiladilar. Ba’zilarning tirikchilikdan maqsadi faqat pul topishdan iborat bo‘lib qolayapti. Undaylar «sifatini yaxshilasak, xarajati oshib ketadi, molimiz o‘tmay qoladi» kabi turli xil bahonalar bilan o‘zlarini oqlaydilar ham. Bu so‘zlarning naqadar noto‘g‘riligi, voqyelikka zid ekani aql sohibi uchun sir emas. Odamlar biroz qimmat bo‘lsa ham sifatli va chidamli molni afzal ko‘rishi hammaga ma’lum haqiqatdir. Agar sifatli mol ketmaganida, bugungi kunda yurtimizda mavjud bo‘lgan birorta sifatli tovar o‘z xaridorini topolmagan bo‘lardi.

Tadbirkor yoki ishlab chiqaruvchilar iste’molchining huquqlariga rioya qilib, mahsulotning sifat darajasini jahon standartlariga yaqinlashtirsa, garchi uning tannarxi biroz oshsa ham, kelajakda bunday mahsulot xalq ichida katta qiziqish va talab qozonadi, uni iste’mol qilgan yoki foydalangan odamlar mamnun bo‘lib, ishlab chiqaruvchining haqqiga xayrli duolar qilishadi. Ayni chog‘da mahsulot sifatiga e’tibor berish tadbirkorga uzoq muddatli foyda manbai bo‘lib xizmat qiladi, o‘zining uzoq muddatli shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishga, jahon tijorat maydonida o‘z o‘rnini topib olishiga turtki bo‘ladi.

Qolaversa, «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» degan markali tovarlarning boshqa davlatlarga eksport qilinishi jonajon va mustaqil yurtimizni dunyoga yanada ko‘proq tanitib, xalqaro maydondagi o‘rni va mavqyeini mustahkamlaydi. Mahsulotlarimiz o‘zga yurtlarga eksport qilinishi uchun zarur bo‘lgan omillarning asosiysi esa mahsulotning sifat darajasi va ko‘rkam idishlarda qadoqlanishi hisoblanadi. Bizningcha, milliy mahsulotlarimizning o‘zga davlatlarda o‘ziga yarasha talabga ega bo‘lishi o‘zini shu yurtga mansub hisoblovchi barcha insonning orzusi bo‘lsa kerak.

Undan tashqari, molining sifatiga e’tibor qaratuvchi hunarmand va ishlab chiqaruvchilar niyatlariga qarab qo‘shimcha ajr-savoblar ham olaverishadi. Demak, mo‘min kishi xoh dunyoviy ish bo‘lsin, xoh uxroviy ish bo‘lsin, o‘z ishini puxta va komil suratda bajarishi matlub ekan. Ana shunday qilinsa, maishiy hayotdagi ishlari ham ibodatga aylanib ketar ekan.

Har bir ishni yaxshilab, puxtalab qilish dinimizda «ehson» ham deyiladi. Ehson hamma narsada o‘z o‘rni va ifodasini topishi kerak. Ibodatdagi «ehson» namozda Allohni ko‘rib turgandek, xushu’-xuzu’, xotirjamlik va viqor bilan, barcha odoblariga rioya qilgan holda ado etish, jonliq so‘yishdagi «ehson» jonliqqa ortiqcha ozor bermasdan, pichoqni o‘tkirlab, qiynamasdan zabh qilish va hokazolardir. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytganlaridek, «Alloh hamma narsada «ehson»ni amalga oshirishga buyurgan…». Shunga ko‘ra, «ehson» hamma narsaga tegishli: ishlab chiqarishga ham, non yopishga ham, taom pishirishga ham, birovning ishini bitirib berishga ham, korxonada xizmat qilishga ham, qo‘yingki, hamma-hamma ishda «ehson» talab etiladi.

Shu o‘rinda mavzuga aloqador bo‘lgan bir hayotiy hikoyani e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.

Qurilish korxonasida bir usta-muhandis ishlardi. U har doim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib, uni puxta va mukammal suratda ado qilardi. Qurilajak inshootlarni binolarni barcha qonun-qoidalariga rioya qilgan holda risoladagidek qurardi. Usta nafaqa yoshiga yetgach, xo‘jayinidan nafaqaga chiqarishni iltimos qildi. Lekin korxona rahbari bunga darrov ko‘nmadi. Bundayin o‘z ishini puxta bajaruvchi xodimni hech qo‘yib yuborgisi kelmasdi. Lekin muhandis o‘z talabida qattiq turib oldi. Endi umrining qolgan qismini oila va bola-chaqalari bilan birgalikda istirohatda o‘tkazish niyatida ekanligini aytdi. Xo‘jayini uni bo‘shatgisi kelmaganligidan, hatto unga avvalgisidan bir necha barobar oshiqroq maosh ham taklif qildi. Lekin usta o‘z qarorida turib olgach, boshliq bir shart bilan uni iste’foga chiqarishga rozilik berdi. Rahbar unga quyidagi iltimos bilan yuzlandi: «Sizdan so‘ngi iltimosim bor. Oxirgi uyni qurib berishingiz kerak. O‘sha loyihani amalga oshirib bersangiz, bas, darhol nafaqaga chiqaraman». Muhandis istar-istamas bu shartni qabul qilishga majbur bo‘ldi va vaqtni o‘tkazmay, ishga kirishdi. Lekin mazkur loyiha so‘ngi ishi bo‘lgani uchunmi, negadir bu safar o‘z odatiga xilof ravishda ishning sifatiga unchalik e’tibor bermadi. Baribir nafaqaga chiqaman-ku, deya mas’uliyatiga panja orasidan qaradi. Qurilish uchun eng sifatsiz materiallarni ishlatdi. Quruvchi va yollanma ishchilardan faqat tezlik va sur’at talab qildi, xolos. Xullas, «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida yo‘l tutdi. Hash-pash deguncha uy ham bitdi. Uy ko‘rinishidan ko‘rkam va mahobatli ko‘rinsa ham, ammo bir yilga bormay, ko‘p joyi ishdan chiqishi, poydevori cho‘kib, devor suvoqlarida darzlar paydo bo‘lishi, g‘ishtlar sho‘ralab, tashqi pardoz qiyofasini buzishi tayin edi. Uyning ichki bezaklari ham shunchaki qo‘l uchida qilingan edi. Usta uy kalitini topshirish uchun boshliqqa uchrashdi. «Xudoga shukr-yey, endi nafaqaga chiqadigan bo‘libman», deya xursand edi u. Usta uyning kalitini topshirib, xo‘jayinidan rozi-rizolik so‘rab, endi xonadan chiqishga chog‘lanar ekan, xo‘jayin uni to‘xtatdi.

«Usta! – dedi u allanechuk mehr bilan. – Bu uy mendan sizga sovg‘a!.. Shuncha yillik halol mehnatingiz evaziga mana shu hadyamni qabul qiling!.. Kelinoyim, farzandlaringiz va nabiralaringiz bilan bu yangi uyda rohatda yashanglar!.. Ishdan bo‘shash haqida ariza berganingizning o‘zidayoq sizga shunday «syurpriz» qilaman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim. Qancha-qancha insonlarga qulay va shinam uylar qurib berdingiz, endi o‘zingiz ham shunday uylarda yashashga haqlisiz!.. Muborak bo‘lsin!..».

Boshliq shunday deb uyning kalitlarini tabassum bilan ustaga topshirdi. Ustaning oyoq-qo‘llari qaltirab, bo‘shashib ketdi. Bu so‘zlar uning boshiga bamisoli to‘qmoqdek zarb bilan tushgan edi. Shuncha yil davomida qilmagan ishini qilib, qanday qilib shu safar ahmoqlik qilganini o‘ylab, o‘zini kechira olmas, achinib, afsus-nadomatlar chekardi. Ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Agar u o‘z uyini qurayotganini bilganda edi, ishni ixlos bilan puxta qilishda, mustahkam qurishda hech qanday kamchilikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.

Qarang-a, bir marta loqaydlik evaziga haligi odam o‘z boshiga bir umrga tatigulik zarar keltirdi. Qissadan hissa shuki, hammamiz hayotda mazkur hikoyada tilga olingan ustaga o‘xshaymiz. Agar qilayotgan dunyoviy va uxroviy ishlarimizni puxta bajarsak, birinchi bo‘lib o‘zimizga yaxshi. Zero, har birimizning ishimiz o‘zimiz uchun dunyo va oxirat qasrlarini qurish, dunyo va oxirat hayotini obod qilishdan iborat. Bu hayotda jiddiyat bilan ishlasak, albatta obodlik va farovonlikka erishamiz. Toat-ibodatlarimizni ham puxtalik va ehson bilan ado qilsak, oxirat uyimiz ham obod bo‘ladi, inshoalloh. Bordiyu, odatimiz buning aksi bo‘lsa, hikoyada keltirilgan ustaning holiga tushib qolamiz.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Ushbu maqolani taqdim etgan Bahodir Muhammadiyevga minnatdorchilik bildiramiz

O‘xshash maqola

Juma mav’izalari (audio). Navro‘z va poklik

Post Views: 11 Ilhomjon Madaliyev, Mo‘yi Muborak jome’ masjidi imom xatibi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan