Bosh sahifa » Toshkent-2200 » Ilk o‘rta asrlardagi Choch taraqqiyotiga So‘g‘dning ta’siri

Ilk o‘rta asrlardagi Choch taraqqiyotiga So‘g‘dning ta’siri

Tarixiy Choch O‘rta Osiyodagi yirik dehqonchilik vohasi (Chirchiq va Ohangaron daryolari havzasi) va ko‘chmanchi chorvadorlarning hududlari kesishgan o‘ziga xos madaniyatga ega mintaqa hisoblanadi.

Choch haqidagi ilk yozma ma’lumotlar Qang‘ davlati va undan mustaqil davlatlar ajralib chiqishi davriga to‘g‘ri keladi. Choch (c’c) atamasi dastlab II – III asr birinchi yarmiga oid Chimkent yaqinidagi Kultepa shahri xarobasidan topilgan pishgan g‘ishtga so‘g‘diy yozuvda va 262 yilga oid Sosoniy podshosi Shopur I ning «Kabayi Zardusht» bitigida uchraydi. Unda Choch mulki So‘g‘d va Chochiston tog‘lari qadarligi ta’kidlanadi. Uraldagi Kechevo qishlog‘idan topilgan III-IV asrlarga oid idishda ham so‘g‘diy yozuvda “Choch xalqiga tegishli….buyumlardan” deb bitilgan. Yodgorlik esa Chochdan bo‘lgan xioniy hukmdoriga taalluqlidir. Sosoniy hukmdori Xurmuzd IV boshqaruvining 6-yili (584-585 yillar)ga oid kumush drahmalarida, VI-VIII asrlarga mansub Turk xoqonligi davri voha hukmdorlarining turk-so‘g‘d namunasidagi tangalarida hamda Qanha shahri xarobasidan topilgan sopol idishdagi turk runiy bitigida ham Choch atamasi uchraydi.

Choch ilk o‘rta asrlar Xitoy manbalaridan 550-570 yillarda Vey Shou (506-572) tomonidan yozilgan “Vey shu” solnomasining 102-bobida Chjeshe (Chiachiat) davlati sifatida tilga olinadi. Bu ma’lumot VII asrga oid “Bey shi” solnomasida ham takrorlanadi. Ularda keltirilishicha, 437 yilda mustaqil Chochdan Xitoyga elchilar borgan. Boshqa Xitoy manbasi “Tundyane”da Choch davlatining Suy sulolasi (581-618) bilan diplomatik aloqasi tilga olinadi. Qolaversa, So‘g‘d kabi Choch hukmdorlari ham kelib chiqishi yuechjilarga borib taqaluvchi chjaoular xonadoniga mansub bo‘lishgan.

Buyuk ipak yo‘lida Sharqni So‘g‘d bilan bog‘lashda Chochning o‘rni ahamiyatli edi. So‘g‘diylarning Chochga kirib kelish jarayonini miloddan avvalgi VI asrlardan boshlangan va milodiy IX asrgacha to‘rt bosqichda davom etgan: 1) mil. avv. VI asrgacha, ya’ni ilk savdo yo‘llari orqali; 2) mil. avv. IV asrdan mil. III asrgacha, asosan siyosiy va iqtisodiy aloqalar kuchayishi orqali; 3) III-VIII asrlarda yaqin siyosiy va etno-madaniy mushtaraklik orqali; 4) VIII-IX asrlar arab fathi va keyingi tarixiy jarayonlar orqali. Ayni shu davrlardagi so‘g‘diylarning shimoli-sharq yo‘nalishidagi harakatlari davomiy bo‘lib, bu harakat Usrushona, Choch, Yettisuv, Qashg‘ar, Xo‘tan kabi yo‘nalishlarda kechgan. Chochda esa so‘g‘diylar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan tog‘li va tog‘oldi hududlariga joylashganlar. Natijada yangi manzilgohlar paydo bo‘lgan. Vohaning tub aholisi saklar ham mil. avv. 1 ming yillik 2-yarmidan o‘troqlashisha borganlar. So‘g‘diylar xalqaro savdo–jarayonlariga chochliklarni ham tortadi. Dungxuangning Sungxua qishlog‘ida yashagan o‘rtosiyolik muhojirlar qatorida choch – “shi”liklar Shi Shulo‘dan, Shi Mopo‘lar nomlarini xitoy tarixchisi Li Minvey «Suytan sichau chjilu» asarining 217-betida keltiradi. IX asrga oid Sharqiy Turkistondan topilgan so‘g‘diy tildagi «Xalqlar ro‘yxati» (“Nafnamak”) asarida ham so‘g‘diylar, buxoroliklar qatori chochliklar ham tilga olinadi. Bu esa so‘g‘diylar va chochliklarning Ipak yo‘lidagi uzoq yillik hamkorlikdagi faoliyatidan darak beradi.

Asrlar davomida vohadagi turkiy qavmlar so‘g‘diy madaniyatning ko‘p qirralarini o‘zlashtirib bordilar. Bu Chochda shaharsozlik, hunarmanchilik va yozuv madaniyati an’analarida aks etdi. Ular urbanistik jarayonlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Tog‘oldi hamda Parak (Chirchiq) va Iloq (Ohangaron) bo‘ylarida Farnkent, Zarkent, Nukent, Nomdanak, Nevich, Novdak, Binokat, Chinonchket, Xarashkent, Tunkent, To‘qkent kabi so‘g‘diy va Alxanjas, Abrlig‘, Arbilax, Namudlig‘, Gannaj, Yalapan, Itlig‘, Olmaliq kabi turkiy shahar va qishloqlar qad rostladi. Hududdagi mahalliy me’morchilik an’analari so‘g‘diy me’moriy yechimlar bilan boyidi. Choch so‘g‘diy va turkiy madaniyatlarning o‘ziga xos sinkretik mintaqasiga aylandi.

Chochdagi turkiylar o‘z dinlari tangrichilik va shamanizmdan tashqari so‘g‘diylarning zardushtiylik dinini ham qabul qilib, diniy bag‘rikenglik namunasini ko‘rsatdilar. Bu haqda Xitoy manbalari xabar beradi. Ularda yozilishicha, Shi viloyatida bir bino bo‘lib, uning ichida do‘nglik bor. Har yili ko‘mish marosimi o‘tkaziladi: «Bu do‘nglikka oltin idishda hukmdor ota-onalari (balki qarindosh -urug‘larini ham – A.O.) kuydirilgan suyaklarining kuli qo‘yiladi, so‘ngra (hozir bo‘lganlar) taxt atrofida aylanishib, ifforli gullar va turli mevalarni sochishadi. Hukmdor esa o‘z a’yonlari bilan qurbonlik qilingan go‘shtni dasturxonga qo‘yadi». Bu ma’lumotlar chochliklar ham so‘g‘diylar kabi zardushtiylik diniga e’tiqod qilib, uning odatlarini turli ko‘rinishlarda amalga oshirganliklaridan guvohlik beradi. Zardushtiylik miloddan avvalgi 1-mingyillik ikkinchi yarmidan so‘g‘diylar tomonidan Chochga kirib kelgan va vohasi keng tarqalgan. Buni ushbu hududdan topilgan ostadon namunalari ham tasdiqlaydi. 1871 yilda ilk ostadon namunasi Toshkentdan, so‘nggisi esa 2001 yil To‘ytepa hududidan topilgan. Chochda, hatto, xristianlik jamoalari ham bo‘lgan. Diniy ibodatxonalar bilan bog‘liq Chirchiq vohasidagi Dinbag‘inket (Dinfag‘inkent), Farnket, Xvarashkent kabi shaharlar mavjudligi bunga misol bo‘ladi.

So‘g‘d va Choch hududlari ilk o‘rta asrlarda, jumladan eftalitlar davri (IV-V asrlar)dan bir-biriga yaqin etnoslar shakllangan. Turk xoqonligi (VI-VII asrlar) davrida bu o‘lkalarda turkiy tilli qabilalar va so‘g‘diylar yashagan. Faqat So‘g‘dga nisbatan Chochda Farg‘ona va Yettisuv kabi turkiylar salmog‘i ko‘proq bo‘lgan. Shundan bo‘lsa kerak, arablar G‘arbiy Turk xoqonligidagi barcha aholini, xatto so‘g‘diylarni ham “turk”lar deb bilganlar.

Mintaqalarda sug‘orma dehqonchilik, chorvachilik va tog‘oldi hududi xo‘jaligi deyarli bir davrda, bir xil darajada rivojlangan. Shu bois ham chetga mahsulot chiqarish va chetdan mahsulot keltirish mintaqa iqtisodiy taraqqiyotini shakllantirgan. Eftaliy davrida Choch va Iloq shaharlari strategik shaharlar bo‘lib, davlat miqyosida metall xom ashyosidan qurol-aslahalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bu davrida Chochda ham tovon evaziga keltirilgan sosoniylarning kumush tangalari asosiy muomala vositasi bo‘lganligi kuzatiladi.

555 yilda Istemi yabg‘u qo‘shinlari Sirdaryo bo‘ylariga yetib keldi. Sosoniy shohi Xusrav I va Istemi yabg‘u o‘rtasida shartnoma imzolandi. Ammo, eftalitlar qarshiligi Istemi rejalariga putur yetkazdi. Istemi yabg‘u avval eftalitlarni daf etib, so‘ng avarlarga qarshi yurishga qaror qilgan. U Choch va So‘g‘dni egallab, Zarafshon bo‘yiga qadar yetib borgan. 567 yildagi Buxoro yaqinidagi hal qiluvchi jangda eftaliylar batamom tor-mor keltirildi. Choch dastlab Turk xoqonligi, 603 yildan G‘arbiy Turk yabg‘u hoqonligi tarkibida bo‘ldi va mahalliy hukmdorlar tomonidan boshqarildi. N.Ya. Bichurin ma’lumotiga ko‘ra, Chochni o‘sha davrda Dele Tyanchji (Fuji) boshqargan va u mustaqil ravishda Xitoy bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Choch hukmdorlari o‘z poytaxtini turklarga yaqin bo‘lgan shimoli-sharqiy hududga ko‘chirishadi. 618 yilda hokimiyatga kelgan G‘arbiy Turk yabg‘u xoqoni To‘nyabg‘u o‘ziga tobe mulklarda siyosiy, harbiy va ma’muriy islohotlar o‘tkazgan va soliqlar ustidan nazorat qiluvchi noiblar – tudunlarni tayinladi. Eltarish xoqon esa o‘z navbatida G‘arbiy Turk xoqonligini o‘n aymoqqa bo‘ldi. Oqibatda Choch ikki qismga ajraladi. Dehqon va hunarmand shimoli Choch tudunlar tomonidan, ma’danga boy janubi Iloq esa «dehqon» hukmdorlar tomonidan boshqarilgan bo‘ldi.

Sharqiy va G‘arbiy Turk xoqonliklari o‘rtasidagi kurash natijasida VII asrning 40-50-yillariga kelib, Choch ma’lum siyosiy mustaqillikka erishdi. So‘g‘d boshchiligidagi O‘rta Osiyo mulklari ittifoqi shakllana boshladi. Bundan maqsad Ipak yo‘lining Samarqand, Choch, Farg‘ona yo‘nalishini nazorat qilish edi. Bu yo‘nalish Yettisuv va Sharqiy Turkistonni bog‘lagan. Shu yo‘nalishda savdo qiluvchi mahalliy savdogarlar esa xoqonlik xazinasiga katta daromad keltirganlar.

So‘g‘d va Choch o‘rtasidagi aloqalar Chochda dehqonchilik va hunarmanchilikni yanada rivojlantirdi. Chochning mintaqadagi nufuzi ortdi. O‘lkaning sifatli mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda shuhrat qozondi. Yozma manbalarga ko‘ra bu davrda vohada 255 atrofida manzilgohlar, 30 dan ziyod qal’a va shaharlar qad rostlagan. Choch va Iloq o‘zaro ekinzor va bog‘lar bilan tutashgan vohaga aylandi.

So‘g‘d mulki ixshidlari O‘rta Osiyo mulklari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, elchilar almashishgan. Afrosiyob devoriy tasvirlaridagi yozuvda Samarqandga So‘g‘d ixshidi Varxuman huzuriga kelgan Xitoy va Chog‘aniyon elchilari qatorida chochlik elchi ham zikr etilgan. So‘g‘d va Choch o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar arab fathi davrida yanada faollashdi. 712 yilda Qutaybaning So‘g‘dga yurishi, ixshid Go‘rakning madad so‘rab Choch, Farg‘ona va Sharqiy Turk xoqonligiga murojaat qilishiga sabab bo‘ldi. Samarqandni qo‘lga kiritgan Qutayba 712-715 yillarda Chochga ham yurish qildi. Panch viloyati hokimi Devashtich Chochga elchi yuboradi. So‘g‘d yozma yodgorliklaridan Mug‘ tog‘i arxividagi A-14 hujjatida xuddi shu voqyea aks etgan. Unda Choch hukmdori (chachanik xvabu) ga va tuduniga, Farg‘ona tutug‘i orqali Farg‘ona podshosiga va Sharqiy Turk xoqoniga maktub topshirilgani haqida ma’lumotlar bor.

Madaniyat sohasida ham So‘g‘d va Choch o‘rtasida mushtaraklik mavjud edi. So‘g‘d yozuvi va tili butun mintaqada bo‘lgani kabi Chochda ham amalda bo‘lgan. Choch podsholari va hukmdorlari so‘g‘d yozuvida o‘z tangalarini zarb ettirganlar. Biroq, “Choch” deb yozilgan Qanha bitigi va hozirgi Bekobod hududidan topilgan turk-runiy yozma yodgorliklari bu hududda so‘g‘diy yozuvi barobarida turk-runiy yozuvi ham amal qilganligini ko‘rsatadi. Choch ahli Muqaddasiy yozishicha, so‘g‘diydan tashqari o‘zlarining xaytal (eftal) mahalliy tillarida gaplashganlar. Bu til so‘g‘diylashgan turkiy til bo‘lishi ehtimol.

Xulosa qilib aytganda, yagona makon va Vatanda yashagan o‘rtaosiyoliklar asrlar davomida hamjihat bo‘lib, o‘zbek xalqi va uning davlatchiligi poydevoriga asos solganlar. Ilk o‘rta asrlardagi So‘g‘d va Choch munosabatlari bunga misoldir.

A. Otaxo‘jayev

Foydalanilgan adabiyotlar:

Грене Ф. Новые свидетельства о Нахшабе и Кеше античного периода // Роль города Кеша в истории мировой цивилизации. Ташкент – Карши, 2006. С. 34-36.
Луконин В.Г. Кушано-сасанидские монеты // ЭВ. Вып. 18. 1967. С. 16; Буряков Ю.Ф. К истории раннесредневекового Чача // Ozbekiston tarixi; 2002. №3. С. 11; Гафуров Б.Г. Таджики. Кн 1. Душанбе: Ирфан. 1989. С. 189-190.
Пугаченкова Г.А. Предметы иноземного импорта на среднеазиатских трассах Великого шелкового пути // На среднеазиатских трассах Великого шелкового пути. Очерки истории и культуры. Ташкент,1990. С.28; Исхаков М., Камолиддин Ш.С., Бабаяров Г. Заметки по истории нумизматики раннесредневекового Чача (III-VIII вв.) // Серия «Рабочие документы ИФЕАК». Вып.26. Ташкент, 2007. С.9.
Колесников А.И. Дополнительные источники по истории раннесредневекового Ирана и его восточных соседей // Центральная Азия от Ахеменидов до Темуридов: археология, история, этнология, культура. Материалы Международной научной коференции. СПб., 2005. С. 113-114.
Смирнова О.И. Каталог монет с городища Пенджикента. М.: Наука, 1963. С.130-134.
Буряков Ю.Ф. К истории раннесредневекового Чача // O’zbekiston tarixi. 2002. №3. С.11.
Ходжаев А. Наиболее ранние сведения китайских источиков о государстве Шаш (Ташкент) // O’zbeкiston tarixi. 2005. №1. С. 3-18.
Смирнова О.И. Очерки из истории Согда. М.: Наука, 1970. С. 24-27.
Хўжаев А. Сўғдийларнинг Хитойга бориб қолиши // Мозийдан садо. 2002, №2 (14), 42-бет.
Hеnning W.B. Sogdica. London. 1940. P.9.
Исхаков М., Камолиддин Ш.С., Бабаяров Г. Заметки по истории нумизматики раннесредневекового Чача (III-VII Iвв.) // Серия «Рабочие документы ИФЕАК». 2007. С.9-10.
Буряков Ю.Ф. К истории… С. 16; Караев С.К. Древнетюркские топонимы Средней Азии // СТ. Баку, 1985. С. 23-35; Камолиддинов Ш.С. Древнетюркские топонимы Средней Азии. Ташкент, 2006. С. 84.
Филанович М.И. О ранневековых престижных сооружениях Чача и Согда // Великий шелковый путь. Культура и традиции. Прошлое и настоящее. Ташкент, 2006. С. 40-43.
Бичурин Н.Я. ( Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. М.; Л., 1950. Т. 2. С. 272-282.
Минасянц Б.С. Новые находки оссуариев из Тойтепа // O’zbekiston moddiу madaniyati tarixi. 33-nashr, Самарқанд, 2002. С.168-172.
Буряков Ю.Ф. Христианство в Средней Азии в древности и среднях веках // Культура народов Центральной Азии: религия и демократия. Самарканд, 1999. С. 11-17.
Буряков Ю.Ф. К. истории… С.18-19.
Там же… С.11.
Исхаков М., Камолиддин Ш.С., Бабаяров Г. Заметки по истории нумизматики раннесредневекового Чача (III-VIII вв.) // Серия «Рабочие документы ИФЕАК». С. 17.
Буряков Ю.Ф. Горное дело и металлургия средневекового Илака. М., 1974. С.101-107.
Смирнова О.И. Очерки из истории Согда. С. 165.
Гафуров Б.Г. Таджики. Кн. 1. С. 272.
Буряков Ю.Ф. К истории… С. 12-13.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания…., Т. 2. С. 277, 282.
Бетгер Е.К. Извлечение из книги «Пути и страны» Абдулкасима ибн Хаукаля // Труды САГУ. 1957. Вып. 14 . С. 22-24.
Альбаум Л.И. Новые росписи Афрасиаба // СНВ. Вып. X. М., 1971. С. 88-89; Буряков Ю.Ф. К истории… С. 13.
Табари. История ат-Табари. Ташкент: Фан, 1987. С. 137.
СДГМ II. С.77.
Гафуров Б.Г. Таджики. Кн. 2. Душанбе: Ирфон, 1989. С. 20-26.
Табари. История ат-Табари. С. 271.
Зуев Ю.А. Ранние тюрки: очерки истории и идеологии. Алматы, 2002. С.158.
Исхаков М., Камолиддин Ш.С., Бабаяров Г. Заметки по истории нумизматики… С. 27-51.

Влияние Согда на развитие раннесредневекового Чача

В статье анализируется взаимодействие между важнейшими историко-культурными регионами Средней Азии – Согда и Чача в период раннего средневековья. Рассматриваются вопросы влияния Согда на развитие Чача, а также характер политических, социально-экономических и культурных отношений между данными регионами в исследуемый период

(A. Otahujaev)

Influence of Sogd on development of Chach in the early middle ages

In the article is analyzed the interaction between the important historian-cultural region of Central Asia – Sogd and Chach at period of the early middle ages. Also are considered the questions of the Sogdian influence on the development of Chach, as well as political, social-economic and cultural relations between these regions in this period.

Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyoti
2009

O‘xshash maqola

XIX asr birinchi yarmida Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimi

Post Views: 59 XVIII asrning ikkinchi yarmida Yunusxo‘ja (1784-1803) tomonidan Toshkentda to‘rt hokimlik tugatilib, kuchli …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan