Bosh sahifa » Toshkent-2200 » General Chernyayev hisobotlarida Toshkent istilosi

General Chernyayev hisobotlarida Toshkent istilosi

1865 yilning iyunida rus generali Chernyayev qo‘shinlari tomonidan Toshkent shahrining istilo qilinishi o‘lka va butun mintaqaning keyingi taqdirini belgilab beruvchi voqyea bo‘ldi deyish mumkin. Ushbu masala hozirga qadar ko‘plab O‘rta Osiyo, Rossiya hamda xorij tarixchilari tomonidan turli nuqtai nazardan o‘rganilgan hamda turlicha talqin qilingan. Ayniqsa, mustaqillik yillarida O‘zbekiston olimlari mazkur masalani atroflicha va xolis o‘rganish borasida katta ishlarni amalga oshirdilar[1]. Xalqimiz taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatgan mazkur fojiaga mutaxassislarning teztez murojaat qilib turishlari tabiiy.

Toshkent istilosi masalasi dastavval rus generallarining imperatorga yo‘llagan xabarnoma, hisobot, kundalik va xotiralarida o‘z aksini topgan. Shunday hujjatlardan biri 1866 yilning martidan 11 dekabriga qadar Turkiston viloyati harbiy gubernatori vazifasida turgan D.I. Romanovskiyning xotiralaridir[2]. Romanovskiyning mazkur xotira asarining qimmati shundaki, u, avvalo, o‘zi shohidi bo‘lgan voqyealarni hikoya qiladi va shu bilan birga, u yoki bu voqyeani asoslash uchun aniq dalillarga murojaat qiladi hamda o‘zi guvohi bo‘lmagan voqyealarni bayon qilganda Chernyayevning xabarnomalari, hisobotlar, yo‘riqnomalar, xonliklar bilan olib borilgan diplomatik yozishmalar va boshqa rasmiy hujjatlarni ilova qiladi. Shularning ichida Chernyayevning imperatorga yo‘llagan hisobot va xabarnomalari Toshkent istilosini o‘rganishda qimmatli manba hisoblanadi. Chunki general Chernyayev o‘z hukmdoriga yo‘llagan hisobot va xabarnomalarida bor haqiqatni bayon qilishga harakat qilgan va o‘z davrida bular davlat ahamiyatiga molik maxfiy hujjatlar hisoblangan. Biz mazkur maqolada D.I. Romanovskiyning xotiralari hamda unda ilova qilingan rasmiy hujjatlar, jumladan, Chernyayevning hisobot va xabarnomalariga tayangan holda Toshkent istilosini bugungi kun nuqtai nazaridan yana bir bor ko‘zdan kechirishga harakat qilamiz.

Yangi bosib olingan o‘lkaga Sirdaryo liniyasini qo‘shgan holda chor hukumati 1865 yilning boshida Orenburgga bo‘ysunuvchi Turkiston viloyatini shakllantiradi. Bundan maqsad istilo qilingan butun hududni qattiq himoya qilish uchun general Chernyayevga barcha ma’muriy va harbiy imkoniyatlarni yaratib berishdan iborat edi. Chimkent istilo qilingandan so‘ng, chor ma’muriyatining yangi hududlarni istilo qilishni vaqtincha to‘xtatib turish haqidagi taklifiga qaramasdan, Chernyayev Toshkentni istilo qilish harakatlarini boshlab yuboradi.

Qo‘qon xonligi hududlarining birin-ketin qo‘ldan ketayotganligi Buxoro amirini befarq qoldirolmaydi. Samarqandda to‘plangan Buxoro amiri qo‘shinlari O‘ratepa tomon harakat qilib, uning ilg‘or qismlari Qo‘qon xonligi hududlariga o‘ta boshlaydi. Buxoro amiri Qo‘qon xonligining ichki ishlariga aralashishni ko‘zlab, Toshkent mudofaasini ham o‘z qo‘liga olishga intilayotgan edi. Shu kunlarda Toshkent aholisining Qo‘qon xoniga, shuningdek, uning hokimiyatini ko‘zlab ish olib borayotgan Alimqulga ham ixlosi baland emasdi. O‘rta Osiyoda Buxoro amirining obro‘si baland bo‘lib, u yengilmas va g‘oziy amir hisoblanar, shu boisdan bosqin xavfi oldida Toshkent aholisi najot ko‘zini Buxoro amiriga tikkan edi.

Mazkur jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatib turgan general Chernyayev zudlik bilan Toshkent ustiga yurishga qaror qiladi. Chernyayevning Toshkentga yurishi ma’lum bir o‘zboshimchaliklardan ham xoli emasdi. Chunki, yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu masala yuzasidan u markaziy hokimiyatning roziligini olmagan edi. Markaziy hokimiyat esa generalning bunday harakatlariga xayrixohlik bildirmas, ikkinchi tomondan esa butun o‘lka mudofaasi zimmasiga yuklangan Turkiston viloyati harbiy gubernatorining o‘zboshimchaliklariga jiddiy to‘sqinlik ham qilmasdi. O‘sha kezlarda hali Turkiston viloyati gubernatori Orenburg general-gubernatoriga bo‘ysunib, yangi tayinlangan general-gubernator 1865 yilning yozi davomida o‘lkani aylanib chiqishi va bu boradagi o‘z mulohazalarini hukumatga bayon qilishi lozim edi[3].

Toshkentning Buxoro amiri ta’siriga tushib qolishidan xavfsiragan Chernyayev Orenburg general-gubernatorining xulosasini kutib o‘tirmasdan shoshilinch Toshkentga yurish boshlaydi. Ammo o‘sha paytda o‘z kuchlarining Toshkent istilosi uchun yetarli ekanligiga ko‘zi yetmagan general suv manbaini egallash orqali shaharni o‘ziga tobe qilishni rejalashtirib, Toshkentdan 25 chaqirim shimoli-sharqda, Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan Niyozbek qal’asiga yurish qiladi. Ikki kunlik mudofaa janglaridan so‘ng 1865 yilning 29 aprelida Niyozbek qal’asi taslim bo‘ladi. Toshkentdan yordamga kelgan 3000 kishilik himoyachilar esa rus artilleriyasi zarbalariga dosh berolmasdan chekinishga majbur bo‘ladilar[4].

Toshkentning suv manbaini nazorat qilib turgan Niyozbek qal’asini qo‘lga kiritgan Chernyayev, u yerda kichikroq harbiy garnizon qoldirib, Toshkent sari yuradi va 7 mayda Toshkentdan 8 chaqirim masofaga kelib joylashadi[5]. Toshkentga yurish oldidan u Chirchiq daryosining shahar va uning atrofini suv bilan ta’minlovchi ikkita asosiy o‘zanini burib yuboradi va shu bilan aholining qarshiligini sindirishni va shaharni taslim bo‘lishga majbur qilishni rejalashtiradi[6].

Shahar aholisi orasidan o‘ziga xayrixohlar topish maqsadida Chernyayev keng ko‘lamda targ‘ibot ishlarini olib borib, aholiga katta va’dalar beradi. Rus qurolining dahshatidan vahimaga tushgan, suv tanqisligi va ochlikdan aziyat chekayotgan, xonlik boshqaruvidan norozi bo‘lgan va Chernyayevning va’dalariga uchgan shahar aholisi orasidan unga xayrixohlar topiladi. 8 may kuni shaharning shimoli-sharqiy qismi razvedka qilinar ekan, xayrixohlar bilan kelishuvga muvofiq ruslar shaharga yaqinlashishi bilan ular qo‘riqchilarga tashlanib, shahar darvozasini ochib berishlari lozim edi. Ammo shu kuni Qo‘qondan Toshkentga 6 000 kishilik qo‘shin va 40 ta to‘p bilan Mulla Alimqulning kelishi Chernyayev rejalarini barbod qiladi[7].

Shu o‘rinda Alimqulning siyosiy faoliyatini qisqacha izohlash foydadan xoli emas. U asli navkatlik qipchoqlardan bo‘lib, to‘la ismi Mulla Aliquli Hasanbiy o‘g‘li, onasining ismi esa Shahribonu bibi edi. Taxminan 1832 yilda tug‘ilgan[8]. Aliquli 20 yoshida otasi o‘rniga biy bo‘lib, keyinroq Sheralixonning o‘g‘li Mallaxon xizmatiga kiradi. U o‘zining mardligi, dovyurakligi va shijoati bilan Mallaxon e’tiborini qozonib, Chimyonga hokim qilib tayinlanadi[9]. 1863 yili Mallaxonning o‘g‘li Sulton Sayidning hokimiyatga kelishida ko‘rsatgan jonbozligi uchun Alimqul “Amirilashkar” unvoni bilan taqdirlanadi[10]. Sulton Sayid yosh bo‘lganligi bois hokimiyat ishlari Alimqulning qo‘liga o‘tib, Toshkent istilosi kezlarida xonlik amalda Alimqul tasarrufida edi.

Toshkent mudofaasini o‘z qo‘liga olgan Mulla Alimqul 9 may erta tongda 7 ming kishi bilan shahardan chiqib ruslar lageriga hujum uyushtiradi. Masofa olis (800 sajen) bo‘lishiga qaramasdan vatan himoyachilari 12 ta to‘pdan aniq nishonga olib zarba uyushtirganlarini, snaryadlar bari lagerga kelib tushganligini Chernyayev ochiq e’tirof etadi[11]. Mazkur jangda Mulla Alimqul og‘ir yaralanadi va himoyachilar shaharga chekinishga majbur bo‘ladilar.

Mulla Alimqulning vafoti nafaqat Toshkentda, balki butun xonlikda tushkunlik uyg‘otadi. Xalq tomonidan saylangan shahar rahbarlari, jumladan sobiq Pishpak hokimi Otabek Buxoro amiriga shoshilinch elchi jo‘natib, undan Toshkentni o‘z himoyasiga olishni iltimos qiladilar. Buxorodan keladigan yordam toshkentliklarni ruhlantirib yuborishidan cho‘chigan Chernyayev nima qilib bo‘lsa-da buxoroliklarning yo‘lini to‘sishga va Toshkentga yordam o‘tkazmaslikka harakat qiladi. Shu maqsadda u Turkistonga yuk olib kelgan barcha paroxodlarga Sirdaryo bo‘ylab Toshkentning tepasi sari harakatlanishga buyruq berib, Saritepada polkovnik Krayevskiy qo‘mondonligida ma’lum kuchlarni qoldirib, qolgan kuchlar bilan Chinoz tomon harakatlanadi. Uning topshirig‘i bilan shtabs-kapitan Abramov Chinozni qo‘lga olib, qal’adagi qurolaslaha, porox va snaryadlarni Chirchiq daryosiga cho‘ktiradi va Sirdaryo kechuvini yo‘q qiladi[12].

Shundan so‘ng Chernyayev qo‘shinlari Toshkent sari yurib, Buxoro yo‘lini ko‘zdan qochirmaslik maqsadida shaharning janub tarafiga, mudofaa devorlaridan 7 chaqirim masofaga kelib qo‘nadi. Qo‘qon bilan Toshkent o‘rtasidagi aloqani uzish va kechuvni nazorat qilib turish maqsadida Chirchiq kechuviga shtabs-kapitan Grebenkin qo‘mondonligida maxsus kuchlar jo‘natiladi.

Uch tarafdan o‘rab olingan shahar ahli suvsizlik va ochlikdan og‘ir ahvolda qoladi. Aholining oziq-ovqat to‘plash va chorvani o‘tlatish maqsadida majburan shahar tashqarisiga chiqqanlari esa ruslar tomonidan doimiy o‘qqa tutilib, asirga olinadi. Asirlar so‘roq qilinib, Chernyayev shahardagi ahvoldan to‘la voqif bo‘lib turadi.

Ochlik va tashnalikdan qiynalgan shahar ahlining asosiy umidi Buxorodan edi. Amir huzuriga yordam so‘rab elchilar yuboriladi. Amir toshkentliklarga yordam berishga rozilik beradi. Chernyayev buxoroliklarni shaharga yo‘latmaslikka qanchalik harakat qilmasin, Iskandarbek boshchiligida bir guruh buxoroliklar yashirin ravishda Toshkentga kirishga muvaffaq bo‘ladilar va Iskandarbek mudofaaga rahbarlikni o‘z qo‘liga oladi. Buxoro amirining asosiy kuchlari Samarqandda to‘plangan bo‘lib, uning ilg‘or qismi Sirdaryoning chap sohilida paydo bo‘ladi. Shunday vaziyatda o‘zi yozganidek, quyidagi mulohazalardan kelib chiqqan Chernyayev Toshkentni ochiq jang bilan istilo qilishga qaror qiladi:

1) Shahar garnizoni, mudofaa chizig‘ining cho‘zilib ketganligi bois, keng masofaga yoyib tashlangan hamda ular hujum qilingan nuqtaga to‘plangunga qadar burjlarni qo‘lga kiritish ehtimoli yuqori.

2) Mudofaachilar artilleriyasi, garchi ko‘psonli bo‘lishiga qaramasdan, shaharning butun janubiy tarafi bo‘ylab 15 chaqirim masofaga tarqoq joylashtirilgan va shu boisdan ularning ham hamjihatlikda faoliyat olib borishi ehtimoli kam.

3) Shahar aholisi ikki qismga ajralgan va ularning ruslarga xayrixoh qismi shahar devori egallangan chog‘da ruslarga yordamga kelishlariga umid bor[13].

Injener-poruchik Makarov shahar mudofaa istehkomlarini ko‘zdan kechirar ekan, hujumni shaharning janubi-sharqiy qismiga uyushtirgan ma’qul degan fikrga keladi. Bunday qarorga kelinishiga Bo‘zsuvning o‘ng sohilida shahar aholisining badavlat qatlami va barcha savdogarlar joylashganligi va ular ruslarga xayrixoh ekanligi, hujum uyushtirilishi mo‘ljallangan tarafda esa asosan harbiylar qatlami va buxoroliklar joylashganligi, shunday ekan mazkur qismni egallash butun shaharning egallanishini anglatishi mulohazasi sabab bo‘lgan edi[14]. Shuningdek, hujumning butun oqibatlariga tinch aholi emas, balki harbiylar qatlami duchor bo‘lishi ham go‘yoki nazarda tutilgan edi. Ammo voqyealarning keyingi rivoji istilo chog‘ida tinch aholi sirayam ayab o‘tirilmaganligini ko‘rsatadi.

Razvedka ma’lumotlariga tayangan Chernyayev hujumni 14 inchidan 15 iyunga o‘tar kechasi shaharning Kamolon darvozasidan boshlashga qaror qiladi. Hujumning puxta rejasi ishlab chiqilib, maxsus narvonlar yasalib tuyalarga va aravalarga joylashtiriladi. Bir vaqtning o‘zida Qo‘yluqda joylashgan polkovnik Krayevskiy otryadi Kamolon darvozasidan 8 chaqirim masofada shaharga Qo‘qon tomondan chalg‘ituvchi hujum uyushtirishi rejalashtiriladi[15].

Hujum tunda boshlanganligi va shahar atrofi qalin bog‘lar bilan qurshalganligi bois himoyachilar dushmanni shahar devorlariga narvonlar bilan yaqinlashguniga qadar payqamay qoladilar. Ruhoniy Malov qo‘lida xoch ushlagancha bosqinchilarni ruhlantirib oldinda boradi[16]. Mudofaachilar qarshiligini sindirib dushman Kamolon darvozasidan shaharga bostirib kiradi. Shahar devorlari bo‘ylab 14 chaqirim masofada mudofaa istehkomlarini egallab, Qorasaroy darvozasiga qadar yetib kelgan Abramov otryadi shu yerdan shaharning ichki qismiga hujum boshlaydi[17]. Shahar himoyachilari ko‘chalarga barrikadalar qurib, mudofaani davom ettiradilar. Ayniqsa, Eski jo‘va bozori atrofida himoyachilar dushmanga qattiq qarshilik ko‘rsatadilar. Barcha uylar va tomlarga merganlar joylashib olib, dushmanni o‘qqa tutadilar. Ishg‘ol qilinib, buzib tashlangan barrikadalar o‘rniga himoyachilar zudlik bilan yangi barrikadalar barpo etadilar. Og‘ir janglardan so‘ng de-la-Kroa va Jemchujnikov otryadlari shahar hokimining qal’asini egallaydilar. Shunday vaziyatda himoyachilar so‘nggi chora sifatida qal’aga o‘t qo‘yadilar. Qal’ada katta qurol-aslaha va porox ombori joylashgan bo‘lib, portlash xavfidan bosqinchilar qal’ani tark etishga majbur bo‘ladilar[18].

16 iyunga o‘tar tunda polkovnik Krayevskiy otryadi Qo‘yluq tarafdan hujumga o‘tib, chekinayotgan himoyachilarni o‘qqa tutadi. Shahardan chekinayotgan himoyachilarning bir qismi shoshilinch Chirchiqdan kechish jarayonida suvga g‘arq bo‘ladilar.

Shaharning yarmi egallab bo‘lingach, Chernyayevning buyrug‘iga binoan bosqinchilarning asosiy kuchlari Kamolon darvozasi oldida to‘planadi. Shu yerga aholining ruslarga xayrixoh qismidan oqsoqollar kelib, to‘la taslim bo‘lishga tayyor ekanliklarini izhor qiladilar va ertagayoq shaharning barcha nufuzli kishilarini, ularga qarshilik ko‘rsatishning foydasiz ekanligini uqtirib, shu yerga olib kelishga va’da beradilar[19].

Ammo kechga borib shaharning barcha ko‘chalarida barrikadalar yangidan barpo etiladi va himoyachilar yanada qattiqroq qarshilik ko‘rsatishni davom ettiradilar. Bir-ikki kishi qo‘lida oybolta bilan o‘limga tik borib, butun boshli rotaga tashlanib, mardlarcha halok bo‘lganligi holatlari ko‘plab sodir bo‘lganligini Chernyayev hayrat bilan qayd qiladi[20]. Bosqinchilar granatalarining portlashi oqibatida yong‘in chiqib, shaharning ma’lum qismi ikki kun davomida o‘t ichida qoladi. Oqibatda shahar taslim bo‘lishga majbur bo‘ladi. 17 iyun kuni oqsoqollar va shaharning mo‘’tabar kishilari Chernyayev oldiga kelib, rus hukumatiga bo‘ysunishga tayyor ekanliklarini izhor qiladilar. Shahar taslim bo‘ladi. Darhol shahar ahlini qurolsizlantirish haqida farmoyish beriladi va bu jarayonda oqsoqollar va aholi vakillari ham ishtirok etadilar. Aholi tomonidan 20 ta to‘p va 300 ga yaqin miltiq bosqinchilarga topshiriladi[21].

Istilo natijasida bosqinchilar 16 ta bayroq, shulardan bittasi buxoroliklar bayrog‘i, turli kalibrdagi 63 ta to‘p, jumladan, 48 tasi misdan quyilgan sifatli to‘plar, ko‘plab miltiq, 2000 pud porox va 10000 ga yaqin turli snaryadlarni o‘lja oladilar[22].

Toshkent mudofaasida Chernyayevning ta’kidlashicha, 5000 sarboz va 10000 sipohiy ishtirok etgan. Himoyachilarning umumiy soni 30000 kishiga yaqin bo‘lgan[23].

Shu tariqa muhim iqtisodiy, harbiy-strategik va geosiyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik va boy shahar Toshkent Rossiya imperiyasi qo‘li ostiga o‘tdi. Bosqin natijasida shahar himoyachilarining katta qismi qahramonlarcha halok bo‘ladi. Kichikroq shahar va qal’alar istilo qilinganda rus generallari mahalliy aholidan qurbon bo‘lganlar sonini o‘z hisobotlarida aniq ko‘rsatishi an’anaga aylangan edi va bu an’ana keyin ham davom etgan. Ammo Chernyayevning hisobotlarida himoyachilardan qurbon bo‘lganlar soni xususida atayin sukut saqlanadi. O‘sha paytda shaharda 200 mingga yaqin aholi istiqomat qilganligi e’tiborga olinsa qurbonlar soni kam bo‘lmaganligini tasavvur qilish mumkin.

Toshkent istilosidan avval bosqinchilarda bu yerda Rossiyaga qaram alohida xonlik barpo etish rejasi bo‘lgan. Ammo istilodan keyin general Chernyayev mazkur rejadan voz kechadi. General-ad’yutant Krыjanovskiy mustaqil Toshkent xonligini barpo etishni qattiq turib talab qilishiga qaramasdan, o‘zaro kelishtirish maqsadida Chernyayev va Krыjanovskiy Peterburgga chaqirib olinadi hamda oqibatda Toshkent Rossiya imperiyasi tarkibiga butunlay qo‘shib olinadi.

A.J. Yaxshiyev

Завоевание Ташкента в воспоминаниях русских военных XIX века

В статье на основе воспоминаний военного губернатора Туркестанской области Д.И.Романовского рассматривается тема завоевания Ташкента войсками Российской империи. Источником анализа являются извлечения из донесений генерала Черняева. Автор с позиций критической оценки этих донесений по – новому освещает некоторые актуальные аспекты поднятой в статье проблемы.

A.J.Yakhshiev

Tashkent Conquer by the Recollections of Russian Militaries of 19th Centure

The given article states the theme of conquer of Tashkent by troops of Russian empire spoken by sources recollections of a military gubernator of Turkistan D.I. Romanovsky. The sources of analyzed materials which given by general Chernyaev. The author with the position of critical evaluation of these materials proof some of new aspects raised problems of the article.

[1] Tarixshunoslik muammolari bo‘yicha batafsil qarang: O‘zbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. Toshkent, 2000. 450–460-betlar

[2] Заметки по Среднеазиатскому вопросу Романовского Д.И. СПб., 1868

[3] D.I. Romanovskiy. Ko‘rsatilgan asar. 32-bet

[4] Извлечения из донесения генерала Черняева от 2 мая 1865 г. / Қаранг: Романовский Д.И. Кўрсатилган асар. 155-бет

[5] Романовский Д.И. Кўрсатилган асар, 32-33-бетлар. 4 Извлечения из донесения …, 157-бет

[6] Извлечения из донесения …, 157-бет

[7] Извлечения из донесения генерала Черняева от 11 мая 1865 г. / Романовский Д.И. Кўрсатилган асар. 157-бет

[8] Mahalliy manbalarda uning ismi Aliquli ekanligi qayd qilinishiga qaramasdan, rus manbalari va ilmiy adabiyotlarda Alimqul shaklida qabul qilingan

[9] Ilhomov Z.A. Aliquli Amirlashkar va uning Qo‘qon xonligi siyosiy tarixida tutgan o‘rni. Tarix fanlar nomzodi. …dis. Toshkent, 2004. 64–65-betlar

[10] Muhammad Aziz Marg‘iloniy. Tarixi Aziziy. Toshkent: Ma’naviyat, 1999. 108–110-betlar

[11] Извлечения из донесения…, 158-бет

[12] Извлечения из донесения генерала Черняева от 11 июня 1865 г. За № 2085 … 160-бет

[13] Извлечения из донесения генерала Черняева от 7 июля 1865 г. / Қаранг: Романовский Д.И. Кўрсатилган асар, 164-бет

[14] O‘sha manba, 164–165-betlar

[15] O‘sha joyda, 165-bet

[16] O‘sha joyda

[17] O‘sha manba, 166-bet

[18] O‘sha manba, 167-bet

[19] O‘sha manba, 168-bet

[20] O‘sha joyda

[21] O‘sha manba, 169-bet

[22] O‘sha joyda

[23] O‘sha joyda

O‘xshash maqola

Краткий этнодемографический очерк Ташкента конца ХIХ – начала XX века

В истории Ташкента XIX век – это век серьезных перемен и событий, кардинально изменивших не …

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan