Bosh sahifa » Toshkent-2200 » Farg‘ona va Choch ilk o‘rta asrlarda: ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish an’analari

Farg‘ona va Choch ilk o‘rta asrlarda: ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish an’analari

Arxeologik va yozma manbalarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ilk o‘rta asrlar jamiyati tizimlarida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy tub o‘zgarishlar kuzatiladi. Ushbu jarayon dastlab antik davr nihoyasida kushonlar saltanati, Davan (Davan) va Qang‘-Kanguy (xitoychada Kandzyuy) kabi konfederativ davlatlari tanazzuli, kidaritlar (kidariylar), xionitlar (xioniylar), eftalitlar (zftaliylar), so‘ngra arablarni Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi dehqonchilik xududlariga bostirib kirishi vaqti bilan bir davrda ro‘y beradi. Albatta, bularning barchasi O‘rta Osiyo xalqlari tarixida ayniqsa, moddiy madaniyatda o‘z izlarini qoldirgan. Keyingi yillarda Farg‘ona vodiysi va Choch (Toshkent vohasi) ilk o‘rta asrlar davri tarixi to‘g‘risida muhim arxeologik va yozma manbalar to‘plandi. Bu manbalar Farg‘ona va Chochning ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holati to‘g‘risida ba’zi bir xulosalarni chiqarishga imkon beradi.

Xo‘jalik yuritish usullari. Farg‘ona vodiysini ilk o‘rta asrlardagi xo‘jalik hayotini aks ettiruvchi arxeologik ob’yektlarni solishtirib o‘rganishga ko‘ra dehqonlar va chorvadorlarning o‘zaro munosabatlari o‘rganilayotgan davrda dinamik ravishda rivoj topadi. Biroq, Farg‘ona ko‘chmanchi-chorvadorlari haqida gap ketganda bir jarayonga e’tibor berish kerak. Bu ularning xo‘jalik mashg‘ulotlari bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur voqyelik etnografiya ma’lumotlari bilan tanishish davomida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ma’lumki, qadimdan vodiy chorvadorlari O‘rta Osiyoni boshqa yerlaridan bir oz farq qiladigan o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lgan. Etnografik ma’lumotlarga ko‘ra, yarim ko‘chmanchi aholi asosiy mashg‘uloti chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik, xususan, lalmikor dehqonchilik bilan ham shug‘ullangan. Masalan, Qo‘qon xonligi davrida vodiyni tog‘ hududlari bilan dehqonchilik vohalari oralig‘idagi ayrim hududlarda (tog‘oldi, adir) dehqonchilik qiladigan yarim ko‘chmanchi aholi yashagan [1]. Bu jarayon ilk o‘rta asrlarda ham kuzatilgan va u ko‘pgina shu davr qabriston materiallari tarkibida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Keyingi paytda qo‘lga kiritilgan arxeologik materiallar Farg‘ona vodiysida ilk o‘rta asrlarda quyidagi xo‘jalik yuritish usullari bo‘lganini ko‘rsatmoqda: 1) Dehqonchilik. Voha dehqonlarini g‘alla, paxta, ipak va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazishgani haqida ashyoviy dalillar bor. Bunday an’anaviy xo‘jalik yuritish vodiyda uzoq tarixga ega, ya’ni miloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalaridan – ilk dehqonchilik makonlari paydo bo‘lgandan boshlab davom etib kelmoqda. 2) Hunarmandchilik. Bu asosan shahar aholisi va ayrim qishloqlar hayoti bilan bog‘liq bo‘lib, vodiyda ilk o‘rta asrlarda juda rivojlangan. Yozma manbalar vodiyda VII-VIII asrlarda 100 dan ortiq shaharlar bo‘lganligini xabar beradilar. Shaharlarda asosan hunarmandchilik va ayrim olingan shaharlarda qishloq xo‘jalik tovarlarini qayta ishlash mavjud bo‘lgan. Bu xo‘jalik yuritish usuli oldingi – antik davr shahar hayoti uchun ham qayd etilgan. Masalan, Xitoy yozma manbalarida Yuchen (O‘zgan yaqinidagi Sho‘rabashot yodgorligi) shahar hokimi to‘g‘risida ma’lumot bor [2]. 3) Chorvachilik. Bu xo‘jalik turi bilan ko‘chmanchilar shug‘ullanib, ular tog‘ va adirlardagi yaylovlarda xo‘jalik yuritishgan; chorvalarga yaylov qidirib bir joydan ikkinchi yerga ko‘chib yurishgan, arxeologik topilmalarga ko‘ra mayda va yirik shoxli (qo‘y, mol, echki) va transport hayvonlari (ot, eshak, tuya) boqishgan. Bundan tashqari ular hayotida ovchilik va harbiy jangovarlik faoliyati katta rol o‘ynagan. Bu guruh uchun etnografiyadagi vertikal [3], ya’ni pastdan yuqoriga, yuqoridan pastga ko‘chib yurish (balki, tog‘lar (yuqori) – cho‘llar, vohalar (quyi) xos bo‘lgan. Geografik sharoitlardan kelib chiqib, ular hayotidagi ko‘chib yurish ko‘lami (amplituda kochevaniya) Qozog‘iston va Sibir ko‘chmanchilariga nisbatan kamroq kuzatiladi. Ularning bir qismi qishki manzillarida qolib, yaylov chorvachiligi va parranda yetishtirish bilan ham shug‘ullanganlar. Chorvadorlar tog‘oldi, adir va qo‘riq yerlarda tirikchilik qilib, lalmi ekinlar bug‘doy, arpa, tariq kabilarni qo‘shimcha ravishda yetishtirganlar. Ba’zi holatlarda ayrim sug‘orish mumkin bo‘lgan joylarda bu guruh mayda yoki lalmi dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Ushbu guruhda o‘troqlashish jarayoni juda oson kechib, ular tez orada o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullanib ketganlar.

Har uchala guruhga xizmat qilgan jamiyatdagi yana bir qatlam savdogarlar roli ham sezilarli bo‘lgan. Qit’alararo savdo yo‘li – Ipak yo‘li rivojlangan va uning yangi tarmoqlari ochilib, faoliyat ko‘rsatgan. Yozma ma’lumotlarga ko‘ra, VII-VIII asrlarda Farg‘ona va Choch hukmdorlari Xitoy imperatoriga yuqori sifatli shisha, mashhur qirmizi rang otlar yetkazib berganlar [4].

Yuqorida keltirilgan bunday murakkab xo‘jalik yuritish jarayoni har ikki Farg‘ona va Choch o‘lkalari uchun xarakterli edi. Chunki ularning ko‘p ukladli xo‘jaligi bir- birlariga juda o‘xshab ketgan. Ulardagi jamiyatning ijtimoiy tarkibi erkin jamoa ishlab chiqarishga asoslangan dehqon va chorvador xo‘jaliklari, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Dehqonchilik madaniyati ta’sirida ko‘plab chorvadorlar asta-sekin o‘troqlasha borganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim chorvadorlar qishlaydigan xududlarda ularning turarjoy qoldiqlari ham topilgan [5]. Bu jarayon V-VIII asrlardagi Farg‘ona chorvadorlari hayotida yaxshi kuzatiladi. Jumladan, ziroatchilar va chorvador-ko‘chmanchi aholi moddiy madaniyatida ko‘p o‘xshashliklar qayd etiladi. Bunday o‘ziga xos xo‘jalik yuritish aloqalari shimol, shimoli-g‘arbda Fovasoy va Sumsarsoy havzalaridagi mozorlar – qurum va mug‘xonalar [6], janubi-g‘arb va janubda – Borkorboz, Xonqiz II, Qayrag‘och, Qora Mo‘ynoq, Vorux, Chorku I, II, Isfara, Qalantarxona (yorma va lahad go‘rlar), sharqda bo‘lsa Keden, Qorajar, Qorako‘lja kabi arxeologik yodgorliklari materiallari tarkibida kuzatiladi [7]. Bu farg‘onacha xo‘jalik yuritish usuli vodiy aholisi o‘rtasida mavjud bo‘lgan xo‘jalik tafovutlarini sekin-asta yo‘qolib borishiga, ilk o‘rta asrlar nihoyasiga kelib, bir butun sug‘orma dehqonchilik va shahar hunarmandchiligiga asoslangan hukmron xo‘jalikka aylanishiga olib keldi. Xo‘jalikning iqtisodiy asosini erkin jamoa ishlab chiqarishi tashkil etgan. Dehqonchilik erkin dehqon jamoalari – kashovarzlar, dehqonzodalar va kadivarlar mehnati asosiga o‘tadi. Endilikda dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikda asosiy mahsulotlarni aynan erkin jamoachilar ishlab chiqarganlar hamda ular jamiyatning o‘zagini tashkil etgan [8]. Aytilganlarga qo‘shimcha etish kerakki, keltirib o‘tilgan mozor-qo‘rg‘onlar guruhi chorvadorlar qoldirgan yodgorliklar deb hisoblanadi. Bulardan kelib chiqib va etnografik ma’lumotlarni hisobga olib, dehqonlar va ko‘chmanchi-chorvadorlar yagona boshqaruv va ma’muriy tizimga ega bo‘lgan, degan fikrni ilgari surish mumkin [9].

V-VI asrlardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Ma’lumki, V asr boshlarida O‘rta Osiyoning siyosiy xaritasidagi yirik davlatlar tanazzulga yuz tutib yemiriladilar. Manbalardagi 435 yildan keyingi ma’lumotlarda Kushon imperiyasi, Kanguy, Davan kabi konfederativ davlatlar nomi uchramaydi, ular tarix sahnidan ketadilar. Bungacha Davan va Kanguy atamalari yozma manbalarda oxirgi marta uchraydi. Jumladan, Xitoyning Ilk Sin (351-394) podsholigining Ilk Lyan yeri hukmdori Fu Szyan biografiyasida yozilishicha, uni huzuriga 379 yili Davan va Kanguydan elchilar keladilar [10]. Ana shu yirik davlat birlashmalari o‘rnida ko‘plab mayda yer egaliklari (mulklar) paydo bo‘ladi (aniqrog‘i «davlatcha»lar – B.M.). Ta’kid joizki, xududiy jihatdan vodiyga yaqin bo‘lgan Sharqiy Turkistonda (Shinjon) ham mayda va mustaqil davlatchalar tizimi bo‘lgan [11]. O‘rganilayotgan davrda O‘rta Osiyoda yer egaliklari («davlatchalar») soni 15 ta edi, keyinroq ular ko‘paygan [12]. Bu mulklar asosan mayda vohalarda tarkib topgan shaharchalar asosida paydo bo‘lib, ularga atrofdagi yerlar ham qarar edi. Ana shunday yer egaligida o‘zini mahalliy ishlab chiqarish (iqtisodiy) markazi vujudga keldi va oxir-oqibatda u shahar tusiga kirib boradi [13].

Ana shu yer egaliklari (mulklar yoki voha davlatlari)da asosan shahar va qishloq aholisi yashagan. Ular so‘nggi antik va ilk o‘rta asrlarda ijtimoiy o‘zgarishlarga uchragan hamda jamiyatning ijtimoiy tarkibiga ta’sirini o‘tkazgan. Jumladan, VVIII – asrlardagi arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatiga asosan tuzilgan xaritaga ko‘ra, ilk o‘rta asrlarda shaharlar soni antik davrga nisbatan mayda shaharlar hisobiga ortadi. Bu davrda qishloqlar (42,60%) va qasrlar, qal’a-qo‘rg‘onlar soni (12,59%) ham ortadi. Ya’ni, antik davrga nisbatan ilk o‘rta asrlarda erkin dehqon xo‘jaliklarining badavlat tabaqasi – dehqonzodalar mulki asosida qad ko‘targan qasrlari tevaragida tarkib topgan shaharlar soni ko‘payadi. Bundan kelib chiqadiki, qishloq jamoalari ichida mulkiy tabaqalanish jadal kechgan, mayda mulk egalari kashovarzlarning bir qismi mulksiz kadivarlarga, ular hisobiga boyib borayotgan kechagi kashovarzlarning boshqa bir qismi esa badavlat dehqonzodalarga, ya’ni mulkdor feodallarga aylanib borgan [14]. Mulkiy tabaqalanish va tengsizlik hosilasi sifatida jamiyatda ijtimoiy qarama-qarshi guruhlari paydo bo‘ladi. Jamiyatda qulchilik bo‘lgani haqida yozma ma’lumotlar bor. Bu xaqda VIII asr boshlaridagi shartnomada (Samarqand shartnomasi ham deyiladi) qayd etilishicha, Farg‘ona arablarga 200 ming draxm (dirxam) miqdorida moddiy boylik va qullar yetkazib berishi ko‘zda tutilgan [15].

B. Abdulgaziyevaning Farg‘ona vodiysining bir qismi – Qoradaryo yuqori va quyi oqimlari yodgorliklari asosida bildirgan fikri: ya’ni antik davrda qishloqlar sonini ortishi va shaharlar kamligi; ilk o‘rta asrlarda qal’a-qo‘rg‘onlar hamda shaharlar sonini ortishi xususiyati [16] bizning materiallarimizda o‘z tasdig‘ini topmadi. To‘g‘ri, yuqorida keltirib o‘tganimizdek, antik davr uchun shaharlar 16 ta edi [17] ilk o‘rta asrlarda ular 22 taga yetdi. Ulardan faqat ikkitasi ilk o‘rta asrlarda paydo bo‘ladi. Aynan antik davr oxirlarida vodiydagi Uchqo‘rg‘on I (maydoni 12 gektar), Qaynovot (15 ga), Qoradaryo (10 ga), Jilandi (7 ga), Shimoliy Qurshob (5 ga), Yangibozor (10 ga), Mozortepa (12 ga), Kalamishtepa (12 ga), Oqtepa (12 ga) kabi shaharlar tanazzulga yuz tutadilar va ilk o‘rta asrlarda yirik shaharlar kamayadi. Biroq, qishloqlar ulushi antik davrdagidan kam emas edi (42,60%) va ayrim qishloqlar ba’zi tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashadilar. Xullas, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida har bir irrigatsiya rayoni va vohasida qishloq hokimliklari hamda ayrim yirik shaharlar asosida esa shahar-davlatlar tashkil topadi. Ularni boshqarishda maliklik bo‘lgan. Buni V-VI asrlarga taalluqli, deb topilgan tanga va undagi yozuvni «maligi Farg‘ona Chesh (Chish)», deb o‘qilishidir [18].

Siyosiy jihatdan V-VI asrlar Farg‘ona tarixida notinch davr edi. Yozma manbalardagi mashhur Davan davlati tarix sahnasidan ketadi. Xususan, xitoycha Beyshi nomli manbani 97-bob birinchi qismida, 436 yilda bo‘lib o‘tgan voqyea-hodisalarni bayoni berilganda, Davan davlati tilga olinmagan. Bundan bir oz so‘ng – 510 yili O‘rta Osiyoda (ehtimol Farg‘onada ham) eftalitlar davlati paydo bo‘ladi. Balki eftalitlarni O‘rta Osiyo hududlariga bostirib kirishi yuqorida tilga olingan yirik davlatlar yemirilishini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin. Bu vaqtdagi notinchlik to‘g‘risida o‘sha Xitoy manbalari xabar beradilar. «Yuan-vey (386-550/557) va Szin (265-480) sulolasi hukmronligi davrida Farbiy o‘lkalar bir-birlari komiga tushdilar. Ularda kechayotgan voqyealarni tushunib bo‘lmaydi» [19]. O‘sha bir-birlarini yutib yuborayotgan o‘lkalar (mulklar) haqida yozma manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Manbalarda quyidagi o‘lkalar qayd etilgan: Chjeshe (oldingi Qang‘li), Sharqiy Sao (Ustrushona), Sivantszin (Samarqand), Farbiy Sao (Ishtixon), Nyumi (Buxoro vohasi) Szyasheni – Kushaniya (Kesh), Noshe-bolo (Naxshab) va boshqalar. Qo‘shimcha qilib aytamizki, qo‘shni Chochda beshta [20], Sug‘dda (Kan) bir necha (9 ta) yer egaligi bo‘lib, ularda Chjao’u (Jabg‘u) urug‘i avlodlari hokimlik qilishgan.

Nomlari zikr etilgan manbalarda Farg‘ona «Lona», «Polona» nomi bilan tilga olinadi (Beyshi, birinchi bo‘lim). Xitoyning Shimoliy Vey davridagi (384-534) «Veyshu»da ta’kid etilishicha, 436 yili elchi Dun Van «Polona»-oldingi Davan davlatigacha borgan [21]. Demak, bundan ma’lum bo‘lyaptiki, Polona-bu alohida davlat va u oldingi Davan (Farg‘ona) yerlarida joylashgan.

V-VI asrlarda Farg‘onadagi siyosiy vaziyat haqida yozma manbalarda ma’lumot kam. Faqat shu davr voqyealariga bag‘ishlangan manbada bir xabar bor. «Lona – bu qadimgi Davan, qarorgoh – Guyshan, Qashg‘ar shimoli-g‘arbida, Daydan 14450 li. da joylashgan. Txayxo hukmronligini uchinchi yozida, 479 yilda hokim chopar bilan qirmizi rang zotdor otlar (ular «qon bilan terlaydigan» (potokrovnыye) deyiladi) jo‘natdi, shu vaqtdan e’tiboran, sovg‘a-salom bilan elchilar yuborib turildi» [22].

Demak, O‘rta Osiyoni boshqa hududlaridagi materiallarni hisobga olib, yozma manbalarga asoslangan holda aytish mumkinki, Farg‘ona – Davan podsholigi yemirilgach, bir necha mayda yer egaliklariga bo‘linib ketgan. Ana shu yer egaliklarini eng yirigi yozma manbalar xabar bergan Polona (Lona) edi. Arxeologik materiallarni tahlil etish, yozma manbalarni diqqat bilan o‘rganish ushbu satrlar muallifiga vodiyda ilk o‘rta asrlarda yettita katta yer egaligi mavjud bo‘lganligi va ular joylashgan o‘rnini aniqlashga imkon bermoqda.

B.X. Matboboyev

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Батраков В.С. Характерные черты сельского хозяйства Ферганской долины в период Кокандского ханства // Труды САГУ. Новая серия. Вып. LXII. Гуманитарные науки. Книга 8. Ташкент, 1955.
  2. Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. М.; Л., 1950.
  3. Марков Г.Е. Скотоводческое хозяйство и кочевничество. Дефинация и терминология // Советская этнография. 1981. № 4.
  4. Шефер Э. Золотые персики Самарканда. М., 1981.
  5. Заднепровский Ю.А. Ранние кочевники Кетмень-Тюбе, Ферганы и Алая // Археология СССР: Степная полоса Азиатской части СССР в скифо-сарматское время. М., 1992.
  6. Спришевский В.И. Каменные погребальные сооружения «мугхона» I-IV вв. н.э. Рукопись. Архив Музея истории народов Узбекистана. Ташкент, 1957. Шифр 14; Баратов С.Р. Культура скотоводов Северной Ферганы в древности и раннем средневековье (по материалам курумов и мугхона); Рукопись дис… канд. ист. наук. Архив Института археологии АН РУз. Самарканд, 1991.
  7. Литвинский Б.А. Курганы и курумы Западной Ферганы. М., 1972; Заднепровский Ю.А. Археологические памятники южных районов Ошской области (середина I тыс. до н.э. – середина I тыс. н.э.). Фрунзе, 1960.
  8. Asqarov A.A. O‘rta Osiyo qadimgi dunyosining asosiy xususiyatlari // O‘IF. № 6. 1994. 33-35-betlar; Заднепровский Ю.А. Археологические памятники южных районов Ошской области (середина I тыс. до н.э. – середина I тыс. н.э.). С.52.
  9. Марков Г.Е. Скотоводческое хозяйство и кочевничество. Дефинация и терминология… С.93.
  10. Боровкова Л.А. Запад Центральной Азии во II в. до н.э. – VII в. н.э. (историко-географический обзор по древнекитайским источникам). М.,1989.
  11. Малявкин В.Г. История Восточного Туркестана в VII-X вв. // Восточный Туркестан в древности и раннем средневековье. М., 1988.
  12. Мандельштам А.М. О сложении таджикской народности в Среднеазиатском Междуречье // СА. XX. 1954. С. 76.
  13. Дьяконов М.М., Мандельштам А.М. Средняя Азия в III-V вв. // Очерки истории СССР. М., 1958.
  14. Asqarov A.A. O‘zbek davlatchiligining ilk bosqichlarida qadimgi Farg‘ona // Farg‘ona vodiysi tarixining dolzarb muammolari. I jild. Farg‘ona, 2000; Asqarov A.A. Qadimgi Farg‘ona tarixidan lavhalar // Археология и история Центральной Азии. К 70-летию со дня рождения академика АН Республики Узбекистан Ю.Ф. Бурякова. Самарканд, 2004.
  15. Смирнова О.И. Очерки из истории Согда. М., 1970.
  16. Абдулгазиева Б. Восточная Фергана в древности и раннем средневековье (система расселения, районирование и типология). Текст и альбом дис… канд. ист. наук. Архив Института археологии АН РУз. Самарканд, 1988.
  17. Горбунова Н.Г. Поселения Ферганы первых веков нашей эры (Некоторые итоги исследования) // СА. № 3. 1977.
  18. Лившиц В.А. Письменность Древней Ферганы(?) // Народы Азии и Африки. № 6. 1968.
  19. Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. М.-Л., 1950. Т. 2.
  20. Бичурин Н.Я.( Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т. 2.
  21. Боровкова Л.А. Запад Центральной Азии во II в. до н.э. – VII в. н.э. (историко-географический обзор по древнекитайским источникам).
  22. Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т. 2.

Б.Х. Матбабаев

Фергана и Чач в раннем средневековье: тенденции социально-экономического развития

В статье на основе изучения археологических и письменных источников устанавливаются хозяйственные типы в раннесредневековой Фергане. Отмечается многоукладность хозяйств Ферганы и Чача в канун арабского нашествия. Показывается, что эти регионы состояли из нескольких землевладений, которые возникали на базе земледельческих оазисов.

(B.H. Matbabayev)

Ferghana and Chach in Early Medieval Period: the socio-economic development trends

The article reveals the husbandry types in early medieval Ferghana based on studies of archaeological and hisotrical sources. It is noted, that Ferghana and Chach had multi-type economies on the thresholds of the Arab invasion. These regions were composed of several land-use areas, originated on the basis of sedentary oases.

Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2009

O‘xshash maqola

XIX asr birinchi yarmida Toshkentning ma’muriy-boshqaruv tizimi

Post Views: 59 XVIII asrning ikkinchi yarmida Yunusxo‘ja (1784-1803) tomonidan Toshkentda to‘rt hokimlik tugatilib, kuchli …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan