Bosh sahifa » Bilasizmi? » Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi

1870 yilda asos solingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 20 fevraldagi PF-3029-son «Ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat kutubxonasi va Respublika ilmiy-texnika kutubxonasi negizida tashkil qilingan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uzoq tarixga ega. Turkiston general gubernatori K.P.Kaufman 1867 yil 16 avgustda Xalq maorifi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Ommaviy kutubxonaga, Geografiya jamiyatiga, Rossiya Bosh shtabiga kutubxona tashkil etishga va kitob omborlaridan dublet nusxali nashrlarni berish bilan yangi kutubxona asosini yaratishga yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Shu davr kutubxona tarixining boshlanish davri edi. 1870 yil mayida bo‘lajak Toshkent ommaviy kutubxonasining yadrosini tashkil qilgan 2200 dan ko‘proq jild (200 nomdagi) nashr yig‘ilgan edi, bu ommaviy kutubxonani ochishga imkon berdi. O‘lkaning katta bilimdoni va kuchli bibliofil, kutubxonaning birinchi direktori N.V.Dmitrovskiy (1841– 1910) o‘zining serg‘ayrat faoliyati bilan Toshkent ommaviy kutubxonasi tarixida uning ravnaqi uchun muhim rol o‘ynadi.

Kutubxona faoliyat ko‘rsata boshlagan davrda kitobxonlarning asosiy qismini harbiylar tashkil etgan.

Kutubxona Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik va qadimgi kitob saqlash maskanlaridan biri bo‘lib, 28 nomdagi turli noan’anaviy xizmatlarni ko‘rsatadi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot va madaniy-ma’rifiy muassasa bo‘lib, kutubxonachilik, bibliografik, ilmiy tadqiqot, ilmiy-metodik va axborot faoliyatini olib boradi. Kutubxona fondi mazmunan universal milliy va xorijiy matbuotning noyob to‘plamidir. Kutubxona faoliyatining bosh maqsadi, butun insoniyat bilimini aks ettirgan, avvalo, O‘zbekistonga va uning milliy manfaat lariga taalluqli hujjatlarning universal fondini yig‘ish, saqlash hamda jamiyat foydalanishi uchun taq dim etishdir.

Noyob va nodir nashrlar fondi kutubxona kitob kolleksiyasining faxridir, u 250 mingdan ortiq nashrdan iborat. Ularning 15 mingdan ortig‘i nodir kitoblar hamda qo‘lyozmalardir. Kutubxonaning o‘ta noyob to‘plamida O‘rta Osiyoning 1917 yilgacha bo‘lgan tarixi, etnografiyasi, madaniyati va geografiyasiga oid o‘ziga xos ensiklopediya bo‘lgan 594 tomlik noyob «Turkiston to‘plami» hamda A.P.Kun tuzgan 4 qismdan iborat 10 tomlik 1200 noyob fotosuratlarni o‘z ichiga olgan Turkiston o‘lkasi aholisining turmush tarzi, urf-odatlari to‘g‘risidagi «Turkiston albomi» alohida o‘rin egallaydi.

Respublika tarixi bo‘yicha XIX asrning oxiri XX asrning birinchi choragidagi o‘lkashunoslik mavzusidagi adabiyotlar, birinchi Turkiston litografik, vaqtli nashrlari, qo‘lyozma kitoblar kolleksiyasi, muqaddas kitob–Qur’onning turli nashrlari tadqiqotchilar uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Kutubxonada qadimiy rus kitoblaridan XVI asr matbaa san’ati yodgorligi, Ivan Fedorov tomonidan 1581 yilda Ostrog shahrida bosilgan «Ostrojskaya bibliya» kitobi, 1647 yilda Moskvada cherkov-slavyan shrifti bilan bosilgan dunyoviy mazmundagi «Ucheniye i xitrost ratnogo stroyeniya pexotnix lyudey» birinchi rus kitobi, Petr davri kitoblari–Leontiy Magnitskiyning «Arifmetika»si (1703 yil), Buyuk Petr davri «Xmochnovskaya rukopis» va boshqalar mavjud. G‘arbiy Yevropa kitoblarining nodir kolleksiyasida 1489 yilda Nyurnbergda bosilgan «Devyataya Nemetskaya bibliya» inkunabuli, B.Erbeloning 1697 yilda Parijda nashr qilingan «Vostochnaya biblioteka»si mavjud.

Buyuk ajdodlarimiz Al-Buxoriy, At-Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahoutdin Naqshbandiy, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur asarlari kutubxona fondida ko‘z qorachig‘idek saqlanmoqda. Cho‘lpon, Fitrat, U.Nosir, Hamza, G‘.G‘ulom, A.Qahhor va boshqa ijodkorlarning hayotligida chop etilgan asarlarning ilk nashrlari, rus adiblari A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, A.P.Chexov, A.N.Tolstoylarning asarlari bebahodir.

Xorijiy tillardagi adabiyotlar fondi 75 dan ziyod tillardagi ijtimoiy-siyosiy, gumanitar, tabiiy-ilmiy va texnika masalalariga oid nashrlar bo‘lib, bugungi kunda 350 mingdan ortiq nusxani tashkil etadi.

Kutubxonaning San’at bo‘limi o‘ziga xos notali-musiqaviy asarlar to‘plamini, o‘zbek klassik va jahon musiqasi gramplastinka yozuvlarini, 150 mingdan ortiq tasviriy va amaliy san’at nashrlarini jamlagan.

Texnikaga doir adabiyotlar (2 mln.dan ortiq nusxada) ham mazmuniga ko‘ra o‘ziga xos bo‘lib, me’moriy-texnik hujjatlar, sanoat kataloglari (qog‘ozda) to‘plami (33700 nusxadan ortiq)dir.

Avtomatlashtirish yangi axborot texnologiyalari bo‘limi yagona avtomatlashgan kutubxona tizimini qo‘llaydi va rivojlantiradi, elektron katalog hamda elektron ma’lumotlar bazasini yaratishda metodik yordam beradi.

Kutubxona o‘z nashriyot va bosmaxonasiga ega bo‘lib, noshirlik hamda matbaa faoliyati bilan shug‘ullanadi.

1988 yildan kutubxonachilik jarayonini avtomatlashtirishga, 1999 yildan Rossiya Davlat Ilmiy texnika kutubxonasining IRBIS avtomatlashtirilgan axborot dasturidan foydalangan holda vatanimiz va chet el yangi nashrlarining elektron katalogini yaratishga kirishildi. Kutubxonaning elektron katalogi bugungi kunda 25 mingdan ortiq yangi adabiyotlarning bibliografik yozuvlari va davriy nashrlarning analitik yozuvlarini saqlaydi. Kutubxona o‘z ma’lumotlar bazasini yaratmoqda va “Curret Content”, “MicroMedex”, “Medine”, EBSCO va ma’lumot bazalari bilan ishlash imkoniyatidan unumli foydalanmoqda.

Kutubxona 1923 yildan boshlab bosma asarlardan majburiy nusxa ola boshlagan. 1948 yilda kutubxonaga Alisher Navoiy nomi berilgan.

Kutubxona 1956 yildan buyon xalqaro kitob almashuvini amalga oshirib, uning sheriklari jahonning 24 mamlakatidan 30 dan ortiq tashkilotlardir. Kutubxona yirik xalqaro kutubxonachilik tashkilotlari: IFLA, YevroOsiyo kutubxonalar Assotsiatsiyasi, elektron kutubxonalar va yangi axborot texnologiyalarini ishlab chiqaruvchilar hamda foydalanuvchilar xalqaro Assotsiatsiyasining a’zosi.

Kutubxona ko‘plab xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan, shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan chet mamlakatlarning elchixonalari bilan mustahkam ijodiy aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, madaniyati, diniy qarashlari va tarixiy ildizlari turlicha bo‘lgan xalqlarning yaqinlashishiga o‘zining hissasini qo‘shmoqda.

Hozirgi kunda kutubxona fondi jahonning 75 tillaridagi deyarli 10 mln. nusxaga yetgan.

Kutubxona respublikamizdagi barcha kutubxonalarga kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik va kitobshunoslik sohalari bo‘yicha metodik rahbarlik qiladi.

O‘ZBEKISTONNING YIRIK KUTUBXONALARI
Metodik ma’lumotnoma

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti
Toshkent – 2004

O‘xshash maqola

Do‘rmon

DO‘RMON – o‘zbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri. Do‘rmon mo‘g‘ulcha «to‘rt» demakdir. To‘rtta urug‘dan tashkil …

5 Mulohazalar

  1. Pochta ochish

  2. Hidoyatov Og'abek

    Kutubxona pochtasiga yoki telegramiga qanday kiriladi

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan